23:20 / 01.05.2020
25126

Samarqanddan Sirdaryoga yordam yuklari jo‘natilmoqda: suv omborga tosh va shag‘al, aholi uchun zarur mahsulotlar

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y began avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun Samarqanddan katta miqdorda tosh-shag‘al va beton plitalari yuborilmoqda.

Jumladan, Urgut tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan katta hajmli yuk avtomashinalariga tosh va shag‘allar ortilib, Sardoba suv omboriga hashar ishlariga jo‘natildi.

Bulung‘ur va Jomboy tumanlari hududidan esa yuk mashinalariga beton bloklari yuklandi. Jami yuk mashinalari soni 100tani tashkil etadi.

Shuningdek, Samarqand viloyatidan falokatdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklar uchun zaruriy mahsulotlarning ham dastlabki yordam yuki jo‘natildi.

Insonparvarlik yordami sifatida Sardoba tumani aholisiga 5 tonna kartoshka, 2 tonna sabzi, 2 tonna piyoz hamda 500 dona issiq kiyim, 200 dona rezina etik, 200 turdagi dori-darmon, 2ta katta qayiq va 20dan ziyod harbiy dala palatkalar jo‘natildi.

2 may kuni esa Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlaridan suv toshqinidan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jo‘natilishi rejalashtirilgan.

 

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top