09:03 / 01.05.2020
17730
Tramp Kim Chen Inning ahvolidan xabari borligini ma'lum qildi 

AQSh rasmiylari Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan nima yuz berayotganidan xabari bor, biroq bu haqda e'lon qilmoqchi emas. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar savollariga javoban ma'lum qildi.

Foto: AFP 2020 / Saul Loeb

«Nima yuz berayotganini tushunaman, shunchaki hozir Kim Chen In haqida gapira olmayman. Barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman. Bilganim shuki, vaziyat yomon emas», degan Tramp.

Kim Chen In 11 aprelda Koreya mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishidan keyin omma oldida ko‘rinish bermayapti. Jumladan, Shimoliy Koreya yetakchisi 12 aprelda Oliy xalq yig‘inining har yillik sessiyasiga tashrif buyurmagan va o‘z hokimiyati davrida birinchi marta bobosi Kim Ir Sen tavalludining nishonlanishida ishtirok etmagan.

Shundan keyin Kim Chen In kasal bo‘lishi mumkinligi haqida gaplar tarqalgan.

Keyinroq CNN telekompaniyasi AQSh ma'muriyatidagi manbaga asoslanib, Vashingtonda Kim Chen In jarrohlik amaliyoti o‘tkazgandan keyin sog‘lig‘i yomonlashgani haqida razvedka ma'lumotlari o‘rganilayotganini ma'lum qilgan. Biroq Tramp undagi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu axborot haqiqatga mos emasligini ma'lum qilgan. Janubiy Koreya rasmiylari ham Kim Chen In betobligi haqida axborotga ega emasliklarini aytishgan, Xitoy tashqi ishlar vazirligida esa SNN manbasiga shubha bildirilgan.

Top