14:14 / 02.05.2020
37114
DTM joriy yil test topshiriqlari soddalashtirilishi bo‘yicha izoh berdi

Prezidentning 2019 yilda qabul qilingan qarori asosida abituriyentlardan  joriy yil 5 ta fan bo‘yicha test topshiriqlari olinishi kerak edi. Hozir mana shu fanlar miqdorini kamaytirish bo‘yicha kelgan takliflar ustida ham ishlanyapti. 

Foto: KUN.UZ

Bugun, 2 may kuni Davlat test markazi direktori Majid Karimov AOKAda o‘tkazilgan brifingda joriy yilgi kirish imtihonlarini soddalashtirish uchun qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma'lumot berdi. 

«Test markazi doimiy ravishda bundan oldingi yillardagi test topshiriqlari bo‘yicha mutaxassislar fikri, kelib tushgan e'tirozlar va abituriyentlar fikrlarini o‘rganib, e'tiroz ko‘p tushgan test materiallarini olib tashlash ustida ish olib boradi. 

Bu yil esa karantin sharoitini hisobga olib test topshiriqlarini soddalashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Prezidentning 2019 yilda qabul qilingan qarori asosida joriy yil 5 ta fandan test topshiriqlari olinishi kerak edi. Hozir mana shu fanlar miqdorini kamaytirish bo‘yicha kelgan takliflar ustida ham ishlanyapti. Oxirgi o‘zgarishlar ma'qullansa, taxminan 10 kun muddat ichida DTM tomonidan e'lon qilinadi», - dedi Majid Karimov onlayn brifingda. 

Bundan tashqari, Majid Karimov joriy yilgi OTMlarga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ham ma'lumot berdi. 

«Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha tavsiya etilgan badiiy adabiyotlar bo‘yicha savollar ko‘paytiriladi, matnli manzaralar tahlili: so‘zlarning ma'nosi, matndagi so‘zlar o‘rniga qo‘yilgan yoki yo‘qligini tekshirish bo‘yicha fan doirasidan chetga chiqmagan holda savollar beriladi. Shuningdek, chizma, rasmlar, diagrammalardan foydalaniladi», - deya ta'kidladi  Majid Karimov. 

Majid Karimov joriy yil ham abituriyentlar 3 OTMni tanlash imkoniga ega ekanliklari haqida aytib o‘tdi. Faqat tanlov qilishda abituriyentdan  ta'lim shakli va tilini bir xil tanlash talab etiladi.

 
DTM joriy yil test topshiriqlari soddalashtirilishi bo‘yicha izoh berdi

DTM joriy yil test topshiriqlari soddalashtirilishi bo‘yicha izoh berdi 👉 https://kun.uz/48163085

Posted by Kun.uz on Saturday, May 2, 2020

 

Top