15:41 / 02.05.2020
8030

Ehsonlar haqdorlarga yetib borishi kerak

Foto: KUN.UZ

Shundoq ham moliyaviy ahvoli “uchma-uch” bo‘lib kelgan qatlam karantin davrida qiyin ahvolda qolgani sir emas. Bu toifaga birinchi navbatda yolg‘iz keksalar, bemorlar, ko‘p bolali oilalar, to‘liqsiz (boquvchisi yo‘q) oilalar, kunbay daromad evaziga yashab kelgan oilalar va boshqalar kiradi.

Vaziyatni yumshatish uchun ko‘plab moddiy imkoni bor hamyurtlarimiz qiynalganlarga yordamga shoshilishdi – minglab oilalar shu tobda ularning yordami evaziga kun kechirib turishibdi. Ehsonlarni jamlash va haqdorlarga yetkazish jarayoniga bir qancha volontyorlik guruhlari bosh-qosh bo‘lmoqda.

Biroq har qanday jarayonda kamchiliklar bo‘lgani kabi, bu sohada ham salbiy holatlar yuz beryapti. Tahririyatimizga ba'zi volontyorlik guruhlari tashabbuskorlaridan kelib tushgan ma'lumotga ko‘ra, bosh muammolardan biri bu – ba'zi holatlarda moddiy yordamning haqiqiy haqdorlarga yetib bormayotgani. Ya'ni haqiqiy haqdorlar bir chetda qolib ketib, ba'zi mahallalarda “ovozi baland”, ta'bir joiz bo‘lsa, “haqini talashib oladigan”larni yordam ro‘yxatlariga kiritib yuborish va boshqa shu kabi holatlar kuzatilayotgani ta'kidlanmoqda. Natijada ba'zi holatlarda xayriya ishlarining, safarbarlikning asl foyda-mohiyatiga putur yetayotgani – asl maqsad hosil bo‘lmayotgani aytilyapti.          

Shu boisdan volontyorlik guruhlari tashabbuskorlari hammadan, mahalla faollari, xususan barcha mahalla raislari, korxona va tashkilot rahbarlari, imom-noiblar va boshqalar – ko‘pchilikning holidan xabardor bo‘lganlardan ayni damda bu jarayonga nisbatan yanada mas'uliyatli bo‘lishni so‘raydi. Har birimiz o‘zimiz yashayotgan mahallada, qo‘ni-qo‘shnimiz orasida moddiy yordam olishga haqiqiy haqdor bo‘lgan oila va yolg‘iz kishilarni aniqlashimiz, qo‘limizdan kelgancha yordam berishimiz hamda moddiy yordam yetkazishga bel bog‘lagan tashkilot va volontyorlik guruhlariga ular haqida bildirishimiz lozim. Zero, ehsonlar haqiqiy haqdorlarga yetib borishi lozim.  

Shokir Sharipov, Kun.uz kolumnisti     

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top