16:37 / 02.05.2020
3063
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Shutterstock

Hujjatga muvofiq, hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini baholashning yagona tizimini joriy etish maqsadida statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

Reyting baholashni joriy etishda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, iqtisodiy islohotlar samaradorligi;

yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini ta'minlash;

ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilash;

aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligini ta'minlash;

hududlarning raqobatbardoshlik darajasini oshirish, ularning iqtisodiyotini yanada diversifikatsiya qilish;

ishbilarmonlik muhiti sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish;

hududlarning moliyaviy mustaqilligiga erishish hamda bank-moliya sohasini rivojlantirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma'lumotlarning ochiqligini oshirish.

Ushbu qaror bilan Reyting ko‘rsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Reyting baholash natijalari asosida reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi.

O‘tgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1 fevral (tezkor baholash) va 15 iyunga (yakuniy natijalar) qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi.

Reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokamaga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlar tomonidan ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda hududlarni reyting baholash uchun aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish metodologiyasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlangan metodologiya asosida har yili tuman hamda shaharlarda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Top