20:49 / 02.05.2020
11268
Namangandan Sirdaryo va Buxoroga ko‘mak karvoni jo‘natildi

Bugun, 2 may kuni Namangandan tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Buxoro viloyati va suv ombori toshishi tufayli aholisi evakuatsiya qilingan Sirdaryo viloyatlariga 11 ta yuk avtomashinasidan iborat ko‘mak karvoni yuborildi. 

Foto: Dilmurod Jumaboyev

Karvon bilan Sirdaryo viloyatiga yuborilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiqlardan iborat Namangan viloyatining xayriya yordami umumiy summasi 1,7 milliard so‘mni tashkil etadi.

Buxoroga esa ko‘mak sifatida yog‘och mahsulotlari, profnastil, sement va shuruplardan iborat qiymati 450 million so‘mga yaqin qurilish materiallari yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga 28 aprelga o‘tar kechasi Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol yopirilib, shamolning tezligi soniyasiga 40 metrgacha yetgani xabar berilgan edi. Natijada hududlarda elektr va gaz ta'minotida uzilishlar yuzaga kelgan, ular orasida Buxoro eng katta talafot ko‘rgandi.  

1 may kuni esa Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Ushbu hodisadan asosan ekin maydonlariga jiddiy zarar yetgan.

Hodisa oqibatida minglab kishilar qo‘shni hududlarga, jumladan, Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilindi.

Hozirda Sirdaryo viloyatiga O‘zbekistonning turli hududlaridan insonparvarlik yordamlari yetkazilmoqda.  

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top