01:07 / 02.05.2020
15704
Olimlar koronavirusdan himoyalanishda niqoblarning samaraliroq muqobilini ma'lum qilishdi 

Yuzni berkituvchi plastik himoyalagichlar koronavirusdan zararlanishdan niqoblardan ko‘ra samaraliroq himoyalashi ma'lum qilindi. 

Foto: EPA/UPG

Bu haqda AQShning Ayova shtati olimlari guruhi olib borgan va Amerika tibbiyot uyushmasi jurnalida (JAMA) chop etilgan tadqiqotda aytilgan

Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus respirator viruslarga xos yo‘llar bilan tarqaladi. Jumladan, undan havo-tomchi yo‘li bilan ko‘z, burun yoki og‘iz orqali zararlanish mumkin. Olimlar virusning bunday yo‘l bilan tarqalishini bloklovchi ikkita himoya vositasini – tibbiy niqob va yuz uchun plastik himoyalagichlarni taqqoslashgan.

Tadqiqotlar esa plastik himoyalagichlar virusni yetarlicha samarali ushlashini ko‘rsatgan. Ular tavsiya qilingan 2 metrlik masofada 93 foiz virus zarralarini ushlab qolgan. Qisqa muddat qo‘llash mumkin bo‘lgan va takror qo‘llab bo‘lmaydigan niqoblardan farqli, plastik himoya vositalarini sovunli suv yoki oddiy maishiy zararsizlantiruvchi vositalar bilan yuvib, takror qo‘llash mumkin. Olimlarning ta'kidlashicha, bunday himoyalagichlarni taqib yurish, yon-atrofdagilar bilan muloqot qilish oson va ular qo‘llar bilan yuzga bexosdan tegishga yo‘l qo‘ymaydi, vaholanki bu virus tarqalishi yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Olimlar ushbu himoya vositasining qo‘llanishi virus tarqalishi oldini olishda yordam berishi mumkinligini aytishgan va uning samaradorligini 68 foizdan 96 foizgacha oraliqda baholashgan. Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, plastik himoyalagichlarni hamyonbop narxda ishlab chiqarish va tez tarqatish mumkin.

Shu bilan birga, olimlar yuz himoyalagichlarining kasallangan odam qo‘llagandagi samaradorligi o‘rganilmaganini ta'kidlab o‘tishgan.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top