09:49 / 02.05.2020
3110

Oliy Majlis palatalariga mustaqil ravishda parlament tekshiruvini o‘tkazish vakolati berilmoqda

Qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlarida belgilangan parlament nazorati shakllaridan biri bo‘lgan parlament tekshiruvini o‘tkazish amaliyotiga oydinlik kiritiladi. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasining 2020 yil 1 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan, parlamentning nazorat funksiyasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyiha bilan Oliy Majlis palatalariga mustaqil ravishda parlament tekshiruvi komissiyasini tuzish va uni o‘tkazish vakolati berilmoqda. Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi va Senat parlament tekshiruvlarini hamkorlikda o‘tkazish huquqini saqlab qolmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlarida belgilangan parlament nazorati shakllaridan biri bo‘lgan parlament tekshiruvini o‘tkazish amaliyotiga oydinlik kiritiladi. 

Oliy Majlisning har bir palatasiga parlament tekshiruvini o‘tkazish zaruriyatiga qarab mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi, jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muayyan faktlar yoki voqealar yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Top