18:11 / 02.05.2020
35254
Ozodbek Nazarbekov talafot ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat bilan chiqdi

“Talafot yetgan yerlardagi xalqimizga qo‘limizdan kelgan yordamni bersak. Bu saxovatda, xayrli ishda birorta san'atkor befarq bo‘lmaydi, degan umiddaman” – dedi madaniyat vaziri o‘z murojaatida.

Yetakchi san'atkor, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z murojaatini e'lon qildi:

“Assalomu alaykum qadrli san'atkor do‘stlar, aziz muxlislar. Bu murojaatimni madaniyat vaziri sifatida emas, balki shu yurtning vakili, shu xalqning oddiygina farzandi sifatida qabul qilishlaringizni iltimos qilardim.

Hammamizning xabarimiz bor, oxirgi paytlarda xalqimiz boshiga kelayotgan ketma-ket sinovlar, musibatlar birortamizni befarq qoldirmayapti. Pandemiya davridan boshlab san'atkor do‘stlarimiz o‘zlarining xayr-saxovatlarini ayashmayapti.

Buxoroda bo‘lgan talofatlar, Sirdaryo viloyatida bo‘lgan musibatlardan talofat ko‘rgan xalqimizga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida barchangizni mana shu xayrli ishga da'vat etmoqchi edim.

Marhamat, rahmat, saxovat oyi bo‘lgan ulug‘ Ramazonda keling, birlashaylik. San'atkorlar, agar biz birlashadigan bo‘lsak judayam katta kuch bo‘lamiz. Hozirgi kunda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida alohida shtab tashkil qilingan, transportlar mavjud. Ya'ni shu uylardan jihozlar, ro‘zg‘or buyumlari bo‘ladimi, kiyim-kechakmi [beraylik], moddiy yordam berish istagida bo‘lganlar bo‘lsa hisob raqamlar ochilgan. Transportlar uylaringizdan olib kelinadigan narsalarni, “O‘zbekkonsert” shtabiga olib keladi.

Hamma narsani yig‘sak-da, 5 may kuni maxsus “Muruvvat karvoni” tashkil qilib, talofat yetgan yerlardagi xalqimizga qo‘limizdan kelgan yordamni bersak. Bu saxovatda, xayrli ishda birorta san'atkor befarq bo‘lmaydi, degan umiddaman. E'tiborlaringiz uchun rahmat” – deya so‘zlarini tugatdi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Bu jarayonda hissa qo‘shmoqchi bo‘lganlar o‘z ko‘maklarini “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, “Turkiston” san'at saroyiga yetkazishlari, naqd pulsiz yordamlarini esa quyidagi raqamlarga o‘tkazishlari mumkin:

Uzcard, Click, Payme: 8600 3329 5320 6368

Viza plastik karta raqami: 4084 1700 0068 2767

Murojaat uchun telefon raqamlari: +99899 0701133, +998951942323

Xorijdan mablag‘ jo‘natuvchilar xayriya ko‘magini «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining mas'ul xodimi To‘raxonov Abdumalik Abduhamidovichga yuborishlari mumkin: AA0749398, Toshkent shahri, Murodova 2-tor ko‘chasi 15-uy.

Shu kunga qadar Sirdaryodagi suv toshqinidan talofat ko‘rgan aholi uchun qator ko‘ngilli guruhlar tomonidan xayriya aksiyalari tashkillashtirildi va bu ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, 2 may kuni “Sirdaryoga yordam beramiz” guruhining maxsus karvoni yo‘lga chiqdi. «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti, Islom.uz portali, Muslimaat.uz hamda Grand ta’lim NTM jamoasi, “Pokiza insonlar” guruhi a'zolari, Sardor Rahimxon boshliq ko‘ngillilar guruhi, “Sevimli” telekanali sirdaryolik yurtdoshlarimizga yordam karvonlari yuborilishini e'lon qildilar.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top