12:11 / 02.05.2020
68441

Qosim-Jomart To‘qayev Darig‘a Nazarboyevaning senatorlik vakolatlarini to‘xtatdi

Foto: senate.parlam.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat senati deputati Darig‘a Nazarboyevaning vakolatlarini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. U Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasining spikeri va sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizidir. Bu haqda respublika rahbarining saytida xabar berilgan.

Nazarboyeva To‘qayev hokimiyat tepasiga kelganidan keyin, 2019 yil 20 martda Qozog‘iston parlamenti senatining raisi etib saylandi. 2 sentyabrda u ushbu lavozimga qayta tayinlandi.

Qozog‘istonda senatni yashirin ovoz berish orqali senat a'zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylangan rais boshqaradi. Senat raisi lavozimiga nomzodni Qozog‘iston prezidenti senat deputatlari orasidan taqdim etadi. Shu tariqa, Darig‘a Nazarboyeva endi Qozog‘iston Respublikasi parlamentining senatini boshqarmaydi.

Darig‘a Nazarboyeva 1963 yil 7 mayda Qarag‘anda viloyati Temirtau shahrida tug‘ilgan. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Kirov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan. Siyosiy fanlar doktori, tarix fanlari nomzodi.

2016 yil 13 sentabr kuni Darig‘a Nazarboyeva senat deputatiga aylangan.

Mavzuga oid
Top