07:07 / 02.05.2020
9219
Qozog‘istonda Chevrolet Labo negizida dezinfeksiyalovchi avtomobillar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi 

Qozog‘istonning “SaryarkaAvtoProm” korxonasida Chevrolet Labo modeli negizida ko‘chalarni dezinfeksiyalash va sterillash tizimi bilan jihozlangan avtomobillar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Foto: inform.kz

Kompaniyada koronavirus tarqalishi oldini olish uchun jamoat joylarini zararsizlantirish ehtiyoji mavjudligi sababli dezinfeksiyalovchi avtomobillar ishlab chiqarishga qaror qilingan. Bu haqda korxona matbuot xizmatida ma'lum qilingan.

28 martda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin ishtirokida “SaryarkaAvtoProm”ning Qo‘stanaydagi zavodida “O‘zavtosanoat” AJ bilan hamkorlikda Chevrolet avtomobillari ishlab chiqarilishiga start berilgandi.  

“Hozirgi favqulodda vaziyat sharoitlari e'tiborga olinib, kompaniyada ilk Labo avtomobillarini dezinfeksiyalovchi tizimlar bilan jihozlashga qaror qilindi”, deyilgan kompaniya xabarida. 

Labo kichik o‘lchamlarga egaligi va tor joylardan ham o‘ta olishi hamda 560 kg.gacha yuk ko‘tara olishi hisobga olinib, 500 litrlik dezinfektor (dezinfeksiyalovchi qurilma) bilan jihozlangan.

Qurilmaning zararsizlantiruvchi aralashma solinadigan baki bir to‘ldirilganda 5 gektardan 10 gektargacha maydonni zararsizlantirishga imkon beradi.

Qurilmadagi ikkita turg‘un purkagich zararsizlantiruvchi aralashmani 5 mertgacha purkay oladi, yana ikkita dastagi purkagich avtobus bekatlari yoki ko‘chalardagi o‘rindiqlarga ishlov berish imkonini beradi.

Ayni vaqtda bunday avtomobillar Qarag‘anda, Oqmala viloyatlari va Olmaota shahri kommunal xizmatlari tomonidan qo‘llanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top