17:36 / 02.05.2020
13367

“Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi boshlandi

 Adliya vazirligi Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan aziyat chekkanlarga gumanitar yordam yubordi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Gumanitar yordam ortilgan birinchi yuk mashinalari Toshkent shahridan jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

“Oziq-ovqat mahsulotlari, zarur iste'mol tovarlari to‘plami bilan ko‘p bolalik oilalar, nogironligi bor shaxslar, keksalar ta'minlanadi. Bu Adliya vazirligining “Salom Sardoba, biz birgamiz” xayriya aksiyasi dasturi doirasida amalga oshirilajak tadbirlardan biridir”, deyiladi xabarda. 

Evakuatsiya qilingan fuqarolarning bir qismi yuridik kollejlarga joylashtirildi. Ular uchun dam olish va uxlash joylari, issiq ovqat, tibbiy yordam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, Oqoltin tumanining Sardoba shaharchasi hamda Mirzaobod tumanining Yoshlar qishlog‘i fuqarolaridan 500 nafari, shu jumladan 200 nafar voyaga yetmaganlar Sirdaryo viloyati yuridik kolleji binosiga joylashtirildi. Vazirlik rahbariyati Sirdaryo viloyatida bo‘lib, joylarda aholi bilan uchrashmoqda.

Bundan tashqari, Sardobada kechagi falokatdan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy ko‘maklashish maqsadida vazirlik tomonidan xayrli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bunda xorijiy va milliy hamkorlardan mablag‘ yig‘ish uchun homiylar jalb etish, yoshlardan iborat ko‘ngillilar guruhini tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun maxsus telegram-bot yaratish, adliya organlari va muassasalari mutaxassislarini jalb qilgan holda vaziyatdan kelib chiqib, huquqiy maslahat berishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xayriya faoliyatida Davlat xizmatlari agentligi ham faol ishtirok etmoqda. Tez orada davlat xizmatlari markazlari tomonidan joyiga chiqib bepul xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Ma'lumot uchun, 1 may kuni Samarqanddan Sirdaryoga jami 100ta mashinada turli xil mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordamlari yuborilgandi.

Shuningdek, Toshkentdagi bir guruh ko‘ngillilar tezkorlik bilan «Sirdaryoliklarga yordam» guruhi ostida uyushdilar.

Falokatdan jabr ko‘rganlarga insonparvarlik yordami ortilgan mashinalar karvoni bugun yo‘lga otlandi.

Qiyinchilikka duch kelgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi tomonidan ham Sirdaryo viloyatiga oziq-ovqat mahsulotlar to‘plami hamda tibbiy niqoblar, bir martalik idishlar, kiyim-kechak mahsulotlari yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 5:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga keldi. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Ushbu hodisadan asosan ekin maydonlariga jiddiy zarar yetgan.

Hodisa oqibatida minglab kishilar qo‘shni hududlarga, jumladan, Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev voqea joyiga zudlik bilan yetib bordi va aholi bilan muloqot qildi.

«Hozir odamlarni yig‘ib, vaqtinchalikka hamma sharoitini yaratib beramiz. Vaqtincha yashaydigan joy qilishimiz kerak. Hamma kuch va vositalarni shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha mening boshchiligimda birorta rahbar hech qayerga qimirlamaymiz», – deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top