14:22 / 02.05.2020
5363
Sherzod Shermatov: «Boshqa telegram kanallari qachon videolarni e'lon qilishiga javobgar emasmiz» 
Arxiv foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Ba'zi ota-onalar videodarslarni bizga aloqasi yo‘q bo‘lgan boshqa telegram kanallari orqali kuzatib bormoqda. Boshqa telegram kanallari qachon videolarni e'lon qilishiga javobgar emasmiz. Mazkur rasmiy kanallarimiz t.me/uzedu hamda t.me/uzeduonlinemaktab, o‘quvchilarga va ularning ota-onalariga mazkur kanalni kuzatib borishni tavsiya etamiz, deya ma'lum qildi Sherzod Shermatov.

Bugun, 2 may kuni AOKAda ta'lim sohasidagi so‘nggi yangiliklarga bag‘ishlangan brifingda xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov onlayn darslarning videofayllari telegram kanallarida ertaroq qo‘yilmayotgani haqidagi savolga javob berdi.

“Avvalo, “onlayn-maktab” darslarini televideniye orqali ko‘rish tavsiya etiladi, chunki bu bepul hamda internet talab qilmaydi. Darslarni o‘zbek va rus tilida ko‘rilsa hamda qaytarilishini ham inobatga olinsa, kuniga 4 marotaba televideniye orqali ko‘rsa bo‘ladi. telegram, youtube, mover.uz va boshqa internetdagi kanallardan agar televideniye orqali darslarni o‘tkazib yuborilgan bo‘lsagina, qo‘shimcha sifatda ko‘rish uchun foydalanish mumkin”, - dedi Sherzod Shermatov.

U videodarslarni tayyorlash, ularni ko‘chirib olishi muayyan vaqt talab etilishini aytib o‘tdi.

“Videodarslarni tayyorlash, efirga berish ma'lum vaqt oladi. Bundan tashqari, tayyor fayllarni Xalq ta'limi vazirligiga internet tizimi orqali yetkazib beriladi. Videofayllarni ko‘chirib olishga vaqt ketadi.

Bir kunlik darslarning hajmi o‘rtacha 30-40 gigabaytni tashkil etmoqda. Ularni telegramga o‘zini yuklasak, o‘quvchilar va ularning ota-onalari qiynaladi. Fayllarni hajmini kichikroq qilish uchun ma'lum bir vaqt talab qilinadi.

Bundan tashqari, ba'zi ota-onalar videodarslarni bizga aloqasi yo‘q bo‘lgan boshqa telegram kanallari orqali kuzatib bormoqda. Boshqa telegram kanallari qachon videolarni e'lon qilishiga javobgar emasmiz. Mazkur rasmiy kanallarimiz t.me/uzedu hamda t.me/uzeduonlinemaktab, o‘quvchilarga va ularning ota-onalariga mazkur kanalni kuzatib borishni tavsiya etamiz”, - dedi xalq ta'limi vaziri.

Top