21:50 / 02.05.2020
10739
Sirdaryoga 200dan ortiq tibbiyot xodimi safarbar etildi va zaruriy tibbiy buyumlar yetkazildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Sardoba suv omboridan suv sizib chiqishi natijasida ruy bergan ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga ko‘maklashish maqsadida tezkor ravishda tibbiyot xodimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi. Vazirlik tomonidan aholiga tibbiy yordam berish va ushbu hududda turli infeksiyalar tarqalmasligi uchun qat'iy ehtiyot choralarini ko‘rish hamda epidemik vaziyatni to‘liq nazoratga olishning aniq rejasi ishlab chiqildi.

Viloyatda vazirlik rahbariyati boshchiligida reanimatolog, kardiolog, terapevt, nevropatolog, endokrinolog, travmatolog, infeksionist, epidemiolog kabi qator mutaxassislardan iborat shtab tuzildi. Mamlakatda faoliyat ko‘rsatuvchi ikki yuz nafardan ziyod malakali tibbiyot xodimlari talafot ko‘rganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha kuch sifatida safarbar etildi.

Shu kunlarda ular suv toshqini oqibatida zarar ko‘rganlar va evakuatsiya qilingan aholi salomatligini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ushbu hududda yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olish maqsadida sanitar talablarga rioya qilish, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish kabi vazifalarni bajarishmoqda. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Sirdaryo viloyatiga 50 turdagi eng zarur dori-darmonlar, portativ UTT, kardiomonitor, pulsoksimetr, pirometr kabi ko‘plab turdagi tibbiy jihozlar, 700 ming dona shaxsiy himoya va gigiyena hamda dezinfeksiya vositalari ham yuborildi.

«Ushbu keltirilgan tibbiy jihozlar, dori-darmon va shaxsiy himoya vositalari tuman tibbiyot birlashmasi, tez tibbiy yordam stansiyalari bilan bir qatorda ofatdan jabrlanganlar va evakuatsiya qilingan aholiga yetkazib berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 
 
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top