01:21 / 02.05.2020
31405
Turkmanistonning Lebop viloyatidagi bo‘ronda bir necha o‘n kishi bedarak yo‘qolgan 

Turkmanistonning Lebop viloyatida yuz bergan bo‘ronda ko‘p kishi jarohat olgan va bir necha o‘n kishi bedarak yo‘qolgan. Bular orasida cho‘llarda chorva boqqan cho‘ponlar, “Turkmangaz”da faoliyat yuritgan haydovchilar va ishchilar bo‘lgan.

Foto: Xroniki Turkmenistana

Bu haqda “Xroniki Turkmenistana” nashri muxbirlari xabar berishdi.

Shuningdek, 100 va undan ko‘proq qo‘ydan iborat bir nechta poda yo‘qolgan.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat vaqtida 20 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Turkmen news manbalarining xabar berishicha, 27 va 28 aprelda Turkmanobod shahridagi deyarli har bir tumanda tabiiy ofat qurbonlari dafn etilgan.

Ta'kidlanishicha, Turkmanobodda jabrlanganlar turli tibbiyot muassasalariga joylashtirilayotgan bo‘lsa, qishloq joylarida ularga hattoki birinchi yordam ko‘rsata olinmayapti.

Shuningdek, bug‘doy hosili nobud bo‘lgan. Bu esa kuzda un taqchilligiga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Turkmanobodda vayronalarni tozalash ishlari bilan askarlar shug‘ullanmoqda. Shaharda yo‘l nazorati xizmati va harbiy avtoinspeksiyaning ko‘plab xodimlarini uchratish mumkin. Ular avtotransport haydovchilari va yo‘lovchilar atrofdagi hodisalarni telefonga olmasliklari ortidan kuzatuv olib borishmoqda. 

Turkmanistonga 27 aprelda bo‘ron va kuchli shamol yopirilgandi. Bundan Lebop viloyati eng ko‘p talafot ko‘rgan. Tabiiy ofatdan keyin viloyatda aloqa uzilgan, politsiya u yerga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. 

Biroq davlat ommaviy axborot vositalari tabiiy ofat bilan bog‘liq hodisalar haqida og‘iz ochmagan.

Top