09:58 / 02.05.2020
5636
Xususiy notarius tomonidan birinchi notarial harakat rasmiylashtirildi

Xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilishidan maqsad - aholining notarial xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, notariat sohasida erkin raqobat muhitini shakllantirish, ortiqcha byurokratiya va korrupsiya holatlariga to‘la barham berish.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

2020 yilning 1 may sanasidan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshladi va shu kuni yangi tashkil etilgan xususiy notarius tomonidan birinchi notarial harakat amalga oshirildi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur notarial harakat Farg‘ona viloyat Qo‘qon shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius F. Xojimatov tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, fuqaro S.R. tomonidan nafaqa olish uchun ishonchnoma rasmiylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil etilishi belgilangan edi.

Xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilishidan maqsad aholining notarial xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, notariat sohasida erkin raqobat muhitining shakllanishi, ortiqcha byurokratiya va korrupsiya holatlariga to‘la barham berishdan iborat.

Endi notarial idorada ortiqcha navbat kutish holatlari barham topadi, fuqarolar haftaning istalgan kunida notarius xizmatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Top