10:10 / 03.05.2020
45146

«Ahvolimiz tobora og‘irlashmoqda, pullarimiz tugab bo‘ldi». Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan o‘zbeklar

Kun.uz muxbiri davolanish uchun Hindistonga borgan, biroq pandemiya tufayli chegaralar yopilib, aviaqatnovlar to‘xtatilgani bois O‘zbekistonga qaytolmayotgan vatandoshlar bilan suhbatlashdi.

Bekzod Xilvatov:

COVID 19 pandemiyasi sababli aviaqatnovlar, ko‘p o‘tmasdan charter reyslar ham bekor qilindi. Shu sababli biz Hindistonda qolib ketdik. Shuning uchun Kun.uz tahririyatiga murojaat qilmoqdamiz.

Men o‘zim, 13 yoshli qizim va ayolim bilan 9 yanvarda Dehliga  qizimga buyrak ko‘chirish operatsiyasini amalga oshirish uchun kelganmiz. Rejamiz bo‘yicha operatsiyani uzog‘i bilan ikki oyda o‘tkazib, qaytib ketishimiz kerak edi. Ba'zi kasalliklarga qarshi immuniteti pastligi tufayli bu yerda vaksina olish va bir oy muddat kutishimizga to‘g‘ri keldi.

Operatsiya davrigacha bir yarim oy mobaynida gemodializ muolajasini olib keldi. Gemodializ muolajasini haftada uch marta amalga oshiriladi. Har bir dializ narxi 100 dollarga yaqin turadi. Operatsiya uchinchi marta amalga oshirildi. Shukr, hammasi yaxshi o‘tdi. 18 martda elchixonaga murojaat qilib, charter reysda qaytib ketishimizni bildirib, ro‘yxatga oldirib qo‘ydim. Har 2-3 kunda elchixonaga murojaat qilib, telefon qilib xabar olamiz, lekin bir yarim oy davomida aniq javob ololmadik. Shuning uchun sizlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik.

Gulnora Burhonova:

1 martda yuragimni operatsiya qildirganman. Toshkentga 24 martga chipta olib qo‘ygandim. Ketolmay qolib ketdim. 24 martdan beri yotoqxonalarda pul to‘lab yashayapman. Pensionerman. Bir o‘zim qolib ketdim. Qizim kelishi kerak edi, 15 martga chipta olgandi, aeroportlar berkilib, kelolmay qoldi.

Bir o‘zim bo‘lganim uchun menga apartamentga joylashish noqulay bo‘ldi: til bilmayman, hech kimni tanimayman. Operatsiyadan keyin do‘konga borib kelish, ovqat pishirib yeyishga qiynaldim. Shuning uchun yotoqxonaga joylashdim. Uch-to‘rt yulduzli apartamentlarni yopib tashlashdi. Faqat qimmat mehmonxonalargina qoldi. Ilojim bo‘lmagani uchun Crowne Plaza degan mehmonxonaga joylashdim. Ovqatim va yashashim bir kunda75 dollarga tushdi. Bir oy o‘sha yerda yashadim. Hozir Dehlidagi sal arzonroq mehmonxonaga ko‘chib chiqdim. Baribir bir kunda 4 ming rupiy sarflayapman. Juda ham qiyin. Shuning uchun charter reys bo‘lmasa ham, menga puldan yordam beringlar deb elchixonaga 2-3 marta yozdim. Qarzga botib ketdim. Toshkentdan undan so‘radim, bundan so‘radim, pul yuborishdi.

Qo‘ziboy Rajabov:

Hindistonga 2 martda kelganman. Bu yerga kelishdan oldin qaytib ketish uchun chipta ham olganman. Qo‘limda chiptam bor edi, muddati tugadi. Davolanayotganim uchun 21 martdagi charter reysga ulgura olmadik.

Bu yerda vaziyat og‘ir. Yosh bolalar, ayollar, yoshi kattalar, siz bilan muloqotga chiqa olmagan, men bilan aloqada bo‘lib turganlar nomidan ham gapiryapman. Ahvoli og‘ir kasallar bor, odamlar bu yerda pulsiz, nonsiz qolyapti. Bizning davolanishimiz tugaganiga 1 oydan oshdi. Faqat yurtimizga qaytishni kutyapmiz.

Odina Nazarova:

Bu yerga 2 mart kuni buyrak ko‘chirish uchun kelganmiz, ya'ni sakkiz yoshli qizimda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi aniqlangan. Uch oy davomida davolandi va davosi bo‘lmaganligi, operatsiya imkoniyati bo‘lgani sababli bizni bu yerga yuborishgan. Biz keldik, ammo biz o‘ylagan narsa bo‘lmadi. Chunki buyrak kasalliklarining turi har xil bo‘larkan. Qizimda Anti GMB nefrit infeksiyasi chiqdi. U million, milliard kishidan bittasida aniqlanadigan kasallik hisoblanar ekan. Shuning uchun operatsiya 6-7oydan keyinga qoldirildi.

Qon tarkibidagi o‘sha infeksiya batamom yo‘q bo‘lib ketishi va qaytalanmasligi uchun kutish kerak ekan. Hozir qizim haftada 3 marta gemodializ oladi. Operatsiyadan keyin 1 mayga qaytish chiptasini olgandik. Lekin afsuski, biz o‘ylagan narsalar bo‘lmadi, bu yerda qolib ketdik, operatsiya sentabr yoki oktyabrga qoldirildi. Na qolishga, na ketishga sharoitimiz bor.

Yolg‘iz onaman, turmush o‘rtog‘im yo‘q. Ishonganlarim shu farzandlarim, ota-onam. Xalq tomonidan pul yig‘ib berilgan, saxovatpesha odamlar ko‘magi bilan bu yerga kelganmiz. Haftasiga 3 marta gemodializga boramiz. Har bitta gemodializ narxi 100 dollar. Bundan tashqari, haftasiga 2 marta qon tahlillari topshiriladi, ular 60-70 dollardan. Kasalxonada yotishga sharoitimiz yo‘q, chunki ikki kishilik palatalar bu yerda kuniga 60 dollardan.

Kelganimizdan keyin plazma filtr davolash kursi o‘tkazildi. Anti GMB nefrit infeksiyasini bartaraf qilish uchun faqat qonni filtrlash o‘tkazilishi kerak ekan. Plazma filtrning har bir kursi 1600-1800 dollardan, olti marta o‘tkazildi. Hozir qo‘limizdagi pul bir haftaga yetishi mumkin. Bir haftadan keyin pulimiz ham tugaydi, gemodializ olmasak bo‘lmaydi. Gemodializga borganda avval kassaga to‘lov qilasiz, keyin chek orqali gemodializ o‘tkazishadi. To‘lov bo‘lmasa, buning hech qanday chorasi yo‘q. Juda ham qiyin holatdamiz.

Yurtboshimizdan imkon qadar bizga yordam berishlarini so‘raymiz. Xudoga shukr, bizning to‘rt muchamiz sog‘, qornimiz to‘ymasa ham bir kunimiz o‘tadi, ammo farzandlarimizga qiyin bo‘lyapti. Chunki bu yerda 1 yoshdan tortib, 30-60 yoshgacha bo‘lgan bemorlar bor.

Bolalarimiz hali hayot nimaligini bilishmaydi. Uni-buni yeyman deydi, o‘yinqaroqligi bor. Bu narsalarni amalga oshirishga bizda imkoniyat bo‘lmayapti. Bu yerda har bir kasalimizga gormon beriladi. U shu darajada oshqozonni yurgizadiki, kasal odamlar nima yeyishayotganini, nima xohlayotganini o‘zlari bilmagan darajada ko‘p narsa talab qilishadi. Qizimda ham xuddi shunday holat. Gormon olganligi sababli har xil narsa: qovun, tarvuz yeyman deydi. Lekin u aytgan narsalarni olib berishga ilojim yo‘q.

Agar O‘zbekistonda bo‘lsak, uyimizda bo‘lmasa ham qo‘ni-qo‘shnidan yordam so‘rab bo‘lsa ham amallasak bo‘lardi. Lekin biz xorijdamiz. Bu yerda tanishlarimiz, bizga tirgak bo‘ladigan odamlar yo‘q. Ko‘chadan birortasidan ehson so‘rashga imkoniyatimiz yo‘q.

Murod Kamolov:

Biz 2019 yil 23 noyabrda kelganmiz. Farzandimda saraton xastaligi bor, jigar operatsiyasi uchun kelgandik. Chiptamiz 23 dekabrga edi, qaytib ketishimiz kerak edi. Operatsiya bo‘lmadi, davolanishga to‘g‘ri keldi. Kimyoviy terapiya oldik, undan keyin farzandimni 25 yanvarda operatsiya qilishdi. Undan keyin yana 2 kurs kimyo terapiyasi tayinlashdi. Martning oxirida davolanishimiz tugadi.  

To‘g‘risini aytaman, pulim besh kun, uzog‘i bilan bir haftaga yetadi. Shuning uchun yurtboshimizdan bizga charter reys qo‘yishlarini iltimos qilamiz.

Gulchiroy Abdumutalova:

Bu yerga farzandimni olib kelganman. Imkoniyat qolmagandi. So‘nggi imkoniyat shu yerga olib kelish bo‘lgan. 4 martda kelganmiz. O‘g‘limning yuragi ikki marta operatsiya bo‘ldi. Shuning hisobiga kech qolib ketdik. Bir oyda ishimiz bitdi. Allohga shukr, operatsiyalar yaxshi o‘tdi. Shifokorlar bir oydan keyin ketishga ruxsat berishdi. Ketmoqchi bo‘lganimizda shunday yo‘llar berkitilishi, virus tarqalishiga to‘g‘ri kelib qoldik.

Bu yerga homiylar yordamida kelganmiz. Homiylarim operatsiyani, hamma xarajatlarni ko‘tarishgan. Boshida ikkita operatsiya bo‘ladi deb o‘ylamaganmiz. Shuning hisobiga mablag‘ ko‘proq ketib qoldi. Ahvolimiz juda og‘ir.  

Yolg‘iz o‘zim kelganman, oilaviy sharoitim sababli hatto onam uchun chipta ololmaganman. Yolg‘iz onaman, turmush o‘rtog‘im vafot etgan. Qancha tez ketsam, shuncha yaxshi. Bu yerda birovdan bir so‘m pul so‘rash qiyin bo‘lyapti. O‘g‘limning yuragiga batareyka qo‘yishgan, yuragi simulyar yordamida ishlayapti. Holati yaxshi. Qolishga umuman imkoniyatim yo‘q. Hukumatimizdan bu yerdagi bemorlarni tez olib ketishlarini iltimos qilardim. Chunki bu yerda vaziyat juda ham og‘ir.

Ulug‘bek Muhsinov:

O‘g‘limni davolatish uchun olib kelgandim. 25 fevralda kelganman. 15 kunda qaytib ketaman deb mo‘ljallagandim. Bu yerdagilar boshida gaplashganimizda shunday ma'lumot bergan edi. Kelganimizdan keyin vaziyat o‘zgardi, shifokorlar boshqa rejani aytishdi. Undan keyin o‘g‘limni operatsiya qilishdi. Qaytishning iloji yo‘q, birato‘la nur terapiyasini olib keyin ketinglar deyishdi.

Qaytish chiptalarimiz 15 martga edi. Bekor qilindi, vaqtini cho‘zdirib qo‘ydik. Oltmish to‘rt-oltmish besh kunga qarab ketyapti, muammolar tugamayapti. Bola bilan musofirchilikda juda qiynaldik.

Bu yerga o‘ynagani emas, farzandimizga davo istab kelganmiz. Farzandimiz ko‘z oldimizda so‘nmasin deb umid bilan kelgandik. Bunday holatlar bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Bizga mutasaddi tashkilotlar yordam berishsa. Charter reyslarni qo‘yib, bizni Hindistondan olib ketishlarini iltimos qilamiz. Sharoitimiz tobora qiyinlashib boryapti. Pullarimiz tugab bo‘ldi.

O‘tkir Kattabekov:

Ukamning bosh miya jarrohligi masalasi bo‘yicha 1 martda kelgandik. 19 martgacha davolanishni yakunlab, qaytishimiz kerak edi. 19 mart kuniga qaytish reysiga ham chiptamiz bor edi. Pandemiya sababli kechikib ketdi. Ikki oydan ortiqroq Hindistondamiz. Hozir ukam o‘zini yaxshi his qilyapti. Yashashga joyimiz bor, sharoitlarimiz yaxshi. 20-25 kunlik mablag‘ni ikki oyga yetkazdik. Buyog‘iga nima qilishni bilmay o‘tiribmiz.

Endi yurtboshimizga dardimizni doston qilmoqchi emasman. Chunki yurtimizla bo‘layotgan voqealarning hammasidan xabarimiz bor. Vatanimizdayam vaziyat juda murakkab, ketma-ket kelgan tabiiy ofatlar, suv toshqinlari sababli bizsiz ham davlat rahbariyatining tashvishi yetarlicha. Agar imkoni bo‘lsa hozirgi vaziyatda chidab, aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini kutib o‘tirardik. Ammo o‘zimizdan o‘tayotganini o‘zimiz bilganimiz, bu yerda ham vaziyat kundan-kunga og‘irlashayotgani bois tezroq charter reyslar yo‘lga qo‘yilishini so‘rab qolardim.

Bekzod Sunnatullayev:

Bu yerda qolib ketgan yurtdoshlarimiz asosan davolanishga kelishgan. Ularning ichida, og‘ir kasallar, onkologik kasallar bor. Jigar, buyrak ko‘chirib o‘tkazish, yurak operatsiyalari uchun kelishgan. Men kelgan gospital atrofida 10ga yaqin oila bor. Har bir oiladan 3tadan, kamida 2tadan 4tagacha odam bor. Yaqin-atrofda joylashgan gospitallardan 10-11 tadan odamlar bor. Bu biz bilganlarimiz. Murojaat qilolmay o‘tirganlar ancha ko‘p. Taxminimizga ko‘ra, charter reysni kutib o‘tirgan 250-300 kishi bor. Hozir pandemiya sababli Hindistonda hamma operatsiyalar to‘xtatib qo‘yildi. Operatsiya jarayonlari hali tiklanmadi. Operatsiyani kutib yotganlar ancha. Bundan tashqari, donor to‘g‘ri kelmasdan, boshqa donorni kutayotganlar ham bor.

O‘zbekistonning Hindistondagi avvalgi elchisi tashqi ishlar vaziriga o‘rinbosar bo‘lib ketgan ekan. Hali tayinlanmagan ekan. Uning vazifasini elchixonada ishlayotganlar bajarib kelishayotgan ekan. Buni yaqinda bildik. Ungacha xabarimiz yo‘q edi. 18 martdan shu kungacha murojaat qilib, birorta aniq javob ololganimiz yo‘q. Sharoit og‘irlashdi, kasallik ham ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Hammamiz kasallik to‘g‘risida emas, vaziyatdan chiqish to‘g‘risida o‘ylab qoldik.

Respublikamizda tashkil qilingan maxsus komissiya, qolaversa prezidentimizdan yaqin kunlar ichida charter reys tashkil qilib, bizni vatanimizga qaytarishlarini Hindistonda qolib ketgan yurtdoshlarimiz nomidan iltimos qilaman.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top