08:50 / 03.05.2020
56900
Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida otishma yuz berdi 

Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida otishma yuz berdi. Voqea oqibatida jabrlanuvchilar bo‘lmagan.

Foto: AFP

Bu haqda Janubiy Koreya shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib “Ryonxap” axborot agentligi xabar berdi. 

Voqea mahalliy vaqt bilan 3 may soat 07.41da yuz bergan. Janubiy koreyalik harbiylarning ta'kidlashicha, Shimol birinchi bo‘lib o‘q uzgan.

“Demarkatsiya chizig‘ining markaziy qismidan Janubiy Koreyadagi kuzatuv posti tomon bir nechta o‘q uzilgan”, deb ma'lum qilingan Janubiy Koreyada. 

Shundan keyin janublik harbiylar yo‘riqnomaga binoan, radiokarnay orqali bir nechta ogohlantirish qilgan va Shimoliy Koreya tomon ikkita ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

Voqea oqibatida moddiy zarar va jarohatlanganlar bo‘lmagan.

Ma'lum qilinishicha, janublik harbiylar shay holatga keltirilgan. Ta'kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy liniya orqali voqea tafsilotlari aniqlashtirilmoqda va bunday voqealar yana yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

Ta'kidlash joiz, otishma Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uning og‘ir ahvoldaligi yoki hattoki o‘lgani haqidagi gaplardan keyin 20 kun ichida birinchi marta omma oldida ko‘rinish berganining ertasiga yuz berdi. 

Koreya yarimoroli rasman urush holatida hisoblanadi, chunki 1950-1953 yillardagi Koreys urushi tinchlik sulhi tuzish bilan emas, balki yarashuv haqidagi kelishuv imzolanishi bilan tugagan. Ikki davlat o‘rtasidagi qurolsizlashtirilgan hudud 38-parallel bo‘ylab o‘tib, yarimorolni deyarli ikkita teng qismga bo‘ladi.

Seul va Pxenyan o‘rtasida 2018 yildan beri iliqlik kuzatilayotgandi. Ikki davlat sportchilari hattoki Olimpiadada birgalikda ishtirok etgan. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari o‘rtasida tarixda ilk bor uchrashuv bo‘lib o‘tgan. 2018 yil sentyabrda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In va Kim Chen In o‘rtasidagi 3-uchrashuvda o‘zaro adovatning to‘xtatilishini ko‘zda tutuvchi kelishuv imzolangan. Biroq 2019 yil noyabrda Janubiy Koreya mudofaa vazirligi Shimoliy Koreya Sariq dengizda artilleriya otishmalarini o‘tkazgach, Shimolni harbiy kelishuvni buzganlikda ayblagan.  

Top