16:10 / 03.05.2020
51669
Namanganda 14 kun sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor vafot etdi

Namanganlik koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemor vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 10 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namanganda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Namanganlik M. shu yilning 20 aprelida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan yotqizilgan. Yondosh kasalliklari hisobiga u qariyb ikki hafta davomida sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda Covid-19 infeksiyasi ham aniqlangan.

Bundan avval esa ushbu bemor (erkak) bosh miya falaji, ikkilamchi kamqonlik og‘ir darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi qator tashxislari bilan davolangan. 29 yildan buyon yotoqdagi bemor bo‘lishi bilan birga birinchi guruh nogironligi ham belgilangan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari bilan birga xorijlik, jumladan, xitoylik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

Biroq pulmonolog, terapevt, kardiolog, virusolog,   reanimatologlarning  standartlar asosida  o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq o‘ninchi holatdir. Shundan 4 o‘lim Namanganda, 5 o‘lim Toshkent shahrida, yana bir o‘lim Farg‘onada qayd etilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top