17:11 / 03.05.2020
31464
«Odamlar yoppasiga ko‘chib ketayotgani sarosimaga solib qo‘ygandi» – Yangiyo‘lga kelib qolgan sirdaryoliklar bilan suhbat

Sardoba suv omboridagi falokat oqibatida 70 mingdan ortiq inson uylaridan ko‘chirildi. Ko‘pchilik ommaviy ravishda evakuatsiya qilingan bo‘lsa, ba'zi xonadon sohiblari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib jonlarini saqlash choralarini ko‘rdi.

Kun.uz muxbiri falokatdan xavfsirab, uylarini tark etgan va Yangiyo‘l tumaniga kelib qolgan oila a'zolari bilan uchrashdi.

Suhbatdoshlarimiz – Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, Navro‘z shaharchasi fuqarolari hisoblanadi. 15 kishidan iborat 4ta oila a'zolari 1 may kuni falokatdan xabar topgach, Toshkent tomonga yo‘lga chiqishgan.

Ular hozirda Yangiyo‘l tumani Islohot mahallasi raisining uyida vaqtincha istiqomat qilmoqda.

«1 may kuni ertalab soat 8larda tumandagi bozorchaga borgan edim. Borsam, shov-shuv. Yo‘lda ko‘plab yuk mashinalarida odam tashilyapti. Tinchlikmi, desam, suv ombori yorilib ketdi, suv kelyapti, deyishdi.

Qarindosh-urug‘imga telefon qilib, Damas avtomobilimda Toshkent tarafga kelaverdik. Uydan faqat hujjatlarimizni olib oldik», – deydi sirdaryolik suhbatdoshlarimizdan biri.

«Ertalab men ham ishga borgandim, ishxonadagilar aytib qolishdi. Yolg‘iz qizim bilan yashayman, undan xavotir olib uyga qaytib kelsam, «dom»dagilar orasida sarosima. «Toshkent taraf – teparoq, shu yoqqa yurish kerak», deyishdi.

Odamlarni ko‘rib, sarosimaga tushib qoldim. Qo‘rqqanimdan qizimni oldim-da, uydan hujjatlar va kiyimlarni olib, eshikni qulflab chiqib, [Damas haydovchisi] jiyanimning oldiga keldim. Qochayotgan odamlarni ko‘rib, qo‘rqqanimizdan Toshkent taraf tepa, deb shu tomonga kelaverdik», – deydi ayollardan biri.

Uning aytishicha, odamlarning ommaviy ko‘chib ketayotganini ko‘rib, qattiq sarosimaga tushishi natijasida qon bosimi oshgan, qon bosimini me'yoriga tushirish uchun ukol olishiga to‘g‘ri kelgan.

Suhbat davomida sirdaryolik hamyurtlarimiz yaxshilarning ko‘magi bilan avval choyxonaga, so‘ng Yangiyo‘ldagi Islohot mahallasi raisining uyiga joylashgani haqida so‘zlab berishdi. Sirdaryolik oila vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ularning yashashlari uchun tuman hokimligi tomonidan zaruriy sharoitlar yaratib berilgan.

Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalgashevning Kun.uz muxbiriga aytishicha, musofirlar barcha mahsulotlar, hatto, yosh bolalar uchun bo‘tqa va tagliklar bilan ham ta'minlanmoqda. Voqeadan xabar topgan saxovatpesha fuqarolarning xayr-ehsonlari yetkazib berilmoqda.

Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalgashev

«Tuman hokimligi qoshida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etganmiz. Mablag‘lar, oziq-ovqatlar yetarli. Mehmonlarga ham oziq-ovqat, ham moddiy mablag‘ tomondan ko‘mak ko‘rsatildi», – deydi Ulug‘bek Yalgashev.

Tuman hokimining so‘zlariga ko‘ra, tuman «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 30 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi oziq-ovqat mahsulotlari Sirdaryo viloyatiga jo‘natilgan.

Yalgashevga ko‘ra, Yangiyo‘lga Mirzaobod tumani fuqarolari kelganidan viloyat hokimi Rustam Xolmatov ham xabardor va ular bilan bog‘liq vaziyatni nazoratiga olgan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top