16:25 / 03.05.2020
24431
O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 1300dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun Buxoro, Xorazm va Toshkentda koronavirusdan zararlanganlarning navbatdagi guruhlari sog‘aygani haqida ma'lumot berdi.

Xususan, Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 7 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ularning barchasi erkak bo‘lib, eng yoshi kattasi 41 yoshda, eng yoshi kichigi 16 yosh.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 325 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 332 nafarga yetdi. 

Bugun shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 7 nafar hamda Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasidan sog‘ayganlarning 8 nafari Istanbul – Toshkent yo‘nalishida, 2 nafari Moskva – Toshkent yo‘nalishida yurtimizga kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 4 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. 
Bemorlarning 4 nafari erkak, 10 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 14 yoshda.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan tuzalganlarning 6 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Qozog‘iston Respublikasidan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Bemorlarning 4 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 43 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 8 yoshda.

Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 2 homilador sog‘ayib chiqqan bo‘lib, 1 nafari 27 yoshda, yana 1 nafari 24 yoshda. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ayni paytda ularning homilasi rivojlanmoqda. 

Toshkent shahrida shu paytga qadar 409 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 432 nafarga yetdi. 

Xorazm viloyatida ham koronavirusga chalingan 7 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Xorazmga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ularning barchasi erkak bo‘lib, eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yosh.

Xorazm viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 138 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 145 nafarga yetdi. 

  • Bugun ayni paytga qadar 37 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1308 nafarga yetdi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top