11:40 / 03.05.2020
8871
«Pandemiya vaqtida chorva yetishtirayotganlarga ko‘maklashishni so‘raymiz». Qo‘mita Qo‘shtepa hokimi va chorvador nizosi bo‘yicha munosabat bildirdi

Qo‘shtepa tuman hokimligi va «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi vaziyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi rahbari, chorvador Abdumannob Qosimov va Qo‘shtepa tumani hokimi Ilyos Novikov o‘rtasidagi deyarli ikki yildan beri davom etib kelayotgan nizo haqida Kun.uz sahifalarida yoritilmoqda.

29 aprel kuni sayt orqali chet eldan naslli qoramollar olib kelib boqayotgan fermerning mavjud yerlarini tuman hokimligi tomonidan sud orqali olib qo‘yilgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Ushbu maqolada ko‘tarilgan muammoli holat yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi o‘z munosabatini bildirdi.

«Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimligi va tumandagi qoramolchilikka ixtisoslashgan «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi nizoli vaziyat qariyb bir yildan beri ma'lum.

Xo‘jalik rahbari A.Qosimov qo‘mitaga murojaat qilib, masalani ijobiy hal qilishda yordam so‘ragan.

Natijada «O‘zbekchorvanasl» agentligi mutaxassislari tomonidan masala tegishlicha o‘rganilib, hokimiyat vakillari va fermer xo‘jaligi rahbariga chorvachilik sub'yektini tashkil etish, boshqarish, naslni yaxshilash va qoramollarning mahsuldorligini oshirishda ozuqaning ahamiyati hamda chorva uchun ozuqa yetishtirishga mo‘ljallangan yer maydonlari zarurligi, shuningdek, intensiv usuldagi chorvachilik sub'yektlarining samaradorligi xususida tavsiyalar berilgan.

Ta'kidlash kerak, chorvachilik sub'yektlariga yer maydoni ajratishda O‘zbekiston respublikasi qonunlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat va yer resurslari bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari vakolatli organ hisoblanadi!

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimligidan va uning timsolida barcha mahalliy hokimiyat vakillaridan bugungi pandemiya sharoitida xavfsiz va sifatli chorva mahsulotlari yetishtirayotgan, shuningdek aholini ish bilan ta'minlayotgan chorvachilik sub'yektlariga har tomonlama ko‘maklashishni so‘raydi», deyiladi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz’ga taqdim etgan axborotda.

Shuningdek, qo‘mita vakilining ma'lum qilishicha, Qo‘shtepa tuman hokimligi va «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi vaziyat va chet eldan keltirilib boqilayotgan chorva mollarining ahvolini o‘rganish maqsadida qo‘mita mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi Qo‘shtepa tumaniga yuborilgan.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top