17:09 / 03.05.2020
250200
Suvi qochgan Sardoba: O‘zi bo‘lmagan shamol va yog‘magan yomg‘ir to‘g‘on buzilishiga aybdormi?

Sardoba suv omborida yuz bergan halokatning ilk kunidanoq suv ombori to‘g‘oni buzilishiga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgani ma'lum qilindi.

Foto: KUN.UZ

«Sardoba» suv ombori Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani hududida joylashgan bo‘lib, O‘zbekistondagi yirik suv inshootlardan biri hisoblanadi. Ushbu megainvestitsion loyiha 2010-2017 yillar davomida amalga oshirilgan. Unga suv Janubiy Mirzacho‘l kanalidan kelib quyiladi.

Gidrotexnika inshooti 922 million kubometr suvni o‘z ichiga oladi, shuningdek Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarini sug‘orish uchun mo‘ljallangan.

2020 yil 1 may kuni soat 05:55da «Sardoba» suv ombori dambasi devorining 6 piketida suv sizib chiqishi natijasida hududda suv toshqinlari sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya voqeaga joyida tegishli ishlarga kirishdi.

Hukumat komissiyasi tuzilib, avvaliga bosh vazir, ko‘p o‘tmay prezident Shavkat Mirziyoyev vertolyotda voqea joyiga yetib bordi.

Dastlab ushbu hududga yaqin joylashgan «Qo‘rg‘ontepa» MFY, «Do‘stlik» MFY, «Yurtdosh» MFY, «Qo‘ytosh» MFY, «Ota yurt» MFY, «Birlik» MFYdan aholi evakuatsiya qilindi. Kun davomida yana o‘n minglab kishilar Sirdaryoning boshqa tumanlariga va qo‘shni Jizzax viloyati hududiga ko‘chirildi.

Huquqshunos va loyihalarni boshqarish bo‘yicha havaskor mutaxassis sifatida ushbu vaziyatga huquqiy va loyihalarni boshqarish nuqtayi nazaridan o‘z fikrimni bildirishni lozim deb topdim.

Ko‘pchilikka ma'lumki, bunday yirik investitsion loyihalar rejalashtirilishida uning xizmatga yaroqliligi jihatidan uzoq muddatga qaratilgan bo‘ladi. Bu jihatdan, mazkur investitsion loyiha o‘z maqsadiga erishishida loyihalashtirishning qo‘pol buzilishi alomatlari mavjud, deyishga asos bo‘lmoqda.

Chunki, loyiha tasdiqlanib ishga kirishishdan avval bir necha jarayon guruhlaridan va bilim sohalaridan aniq hisob-kitoblar va tahlil bosqichlaridan o‘tadi. Ushbu investitsion loyihaning maqsadi oliy bo‘lganiga hech kimda hech qanday shubha yo‘q. Ammo uning to‘g‘ri rejalashtirilganiga shubha paydo bo‘lmoqda. Bu shubha, albatta, o‘ta shaxsiy.

Hali hech qanday real faktlarga asoslanishning imkoni yo‘q. Chunki ushbu maqola voqea sodir bo‘lganiga bir necha soat bo‘lgan vaqtda o‘sha kunning o‘zida yozilmoqda. Hali mutaxassislar yakuniy xulosa berishganicha yo‘q.

Lekin ommaviy axborot vositalarida bugunning o‘zida (1 may) soat 19:00dagi mutaxassislarning dastlabki xulosalari sifatida aytilishicha, suv ombori dambasi devorining 6 piketidan suv oqib chiqishiga «kechasi yog‘gan kuchli yomg‘ir va shamol» asosiy sabab bo‘lgan.

Ammo meni hayron qoldirgan jihati 2020 yil 30 aprelda Sirdaryo viloyatida kuchli yomg‘ir bo‘lgani yo‘q-ku?! Buni gidrometeorologiya xizmati xabarlari ham tasdiqlaydi. «2020 yil 30 aprel, payshanba kuni Toshkent, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi +12..+17, kunduzi +23..+28 daraja issiq bo‘ladi».

O‘zgidromet xabarida 2020 yil 29 aprel, chorshanba kuni Toshkent, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining ba'zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi, harorat kechasi +12..+17, kunduzi +20..+25 daraja issiq bo‘lishi aytilgan. Lekin kuchli yomg‘ir haqida va shamol haqida gap hech qanday gap yo‘q.

Bundan tashqari, o‘sha kunlarda kuchli yomg‘irni ham, kuchli shamolni ham his qilganimiz yo‘q.

O‘zgidromet xabarida Sirdaryo hududida 1-2 may kunlari kuchli yomg‘ir bo‘lishi aytilgandi.

Unisini ham qo‘ya turaylik, nahotki «Sardoba» suv ombori dambasining devori «kechasi yoqqan kuchli yomg‘ir va shamol»ga bardoshli qilib rejalashtirilmagan bo‘lsa, qurish jarayonida ham bu risk inobatga olinmagan bo‘lsa? Obektni qabul qilishda-chi?! (Aslida aytilayotgan o‘sha yomg‘irning o‘zi ham hali yog‘magan edi).

Keling, loyiha boshqaruvi jarayonlarini nazariy jihatdan ko‘rib chiqsak.

Loyiha boshqaruvi jarayonlari 5 bosqichga bo‘linadi. Bulardan birinchisi — loyiha tashabbusini ko‘rsatish.

Unda loyihaning maqsadi, dastlabki qiymati, foydalanishga topshirish muddati, loyihadan manfaatdor tomonlar ko‘rsatiladi. Bu hali rejalashtirish emas, bu bor yo‘g‘i tashabbus. Agar maqsad oliy, qiymati hamyonbop, topshirish muddati qoniqarli, davlatga va jamiyatga manfaatli hamda ekologiyaga zararsiz bo‘lsa keyingi bosqichga o‘tiladi.

Ikkinchisi esa — loyihani rejalashtirish. Asosiy hisob-kitoblar, tahlillar, turli texnologik yechimlar, og‘riqli masalalar mana shu joyda bo‘ladi. Shuning uchun ham rejalartirishda 10ta bilim sohasi ishtirok etadi. Loyiha qamrovini boshqarish, vaqtni boshqarish, xarajatlarni boshqarish, sifatni boshqarish, inson resurslarini boshqarish, kommunikatsiyalarni boshqarish, riskni boshqarish, xaridlarni boshqarish, manfaatdor tomonlarni boshqarish shular jumlasidandir.

Yuqorida sanab o‘tilgan bilim sohalarning kamida bittasida, ko‘pi bilan 9tasida birvarakayiga xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Manfaatdor tomonlarni boshqarish bu holatda sifatga ta'sir qilmaydi.

Yuqorida aytilgan boshqa bilim sohalaridagi hisob-kitoblar, tahlillar va maqsadga muvofiqlik bo‘yicha qilingan ishlar shubha ostida.

Navbatdagi uchinchi jarayon — ijro etishga kirishish, deb ataladi va bunda qurilish ishlari boshlanishi nazarda tutiladi. Buning uchun loyiha boshqaruv guruhi shakllantirilib, axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, xaridlar uchun tenderlar o‘tkaziladi va boshqa xo‘jalik shartnomalari tuziladi, bundan tashqari sifatga muvofiqlik talablari ishlab chiqiladi.

To‘rtinchi jarayon esa ish jarayonini monitoring qilish va nazorat deb ataladi. Bunda bevosita qurilish joyidagi ish jarayonlari nazorat qilib boriladi. Amaliyotda bu bosqichda rejalashtirishdagi xatolar yuzaga chiqishi mumkin, bunday vaziyatda qayta rejalashtirib to‘g‘rilanishi lozim. Bir necha xatoliklar yuzaga chiqqan taqdirda ham, qayta-qayta rejalashtirilgan taqdirda ham xavotirli emas.

Biroq o‘sha xatoliklar tan olinmasa, yoki qayta rejalashtirilmasa bunisi xavotirli. Qurilishdagi ish qamrovining rejadagi bilan bir xil bo‘lishi, ishni bajarish muddati nazorati, sifat nazorati, aloqa nazorati, risk nazorati, xaridlarni nazorat qilish kabilar bu bosqichning asosiy nuqtalaridir.

Beshinchi jarayon esa loyihani yakunlash hisoblanib, unda tegishli komissiyalar ishtirokida loyiha sifati, maqsadga muvofiqligi tekshirilib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari bajariladi.

Yuz bergan hodisa sabab «Sardoba» suv omborini qabul qilib olish bo‘yicha komissiya ish faoliyatini shubha ostiga olishga majbur bo‘lmoqdamiz. Ko‘rib o‘tganimizdek, ayrim mas'ul shaxslar «risk management» degan tushunchani «his» qilmagan ko‘rinadi. Unda albatta kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim holatlar tahlil qilingan bo‘lishi kerak edi. Ammo ko‘rib turganimizdek, ular katta ehtimol bilan o‘z «tahlil»larida «risk management»ni yoddan chiqarishgan.

Shuningdek, loyihani boshqarish guruhi a'zolari loyiha mablag‘lari to‘g‘ri sarflanishi uchun javob beradi. Biz ko‘rib chiqayotgan ushbu loyihada bu guruh qanchalik darajada faoliyat yuritgani bizga qorong‘i.

Yana bir muhim jihatlaridan biri loyiha doirasida o‘tkazilgan tender shaffofligi bo‘lib, bu jarayonda tender savdolari o‘tkazish orqali loyiha uchun zarur bo‘lgan xomashyo materiallari sotib olinadi. Bu yerda, agar qalloblikka yo‘l qo‘yilsa, oddiy qilib aytganda, «uyingizning fundamenti nimjon bo‘lgani uchun devoringiz qulab tushadi» degani.

Bundan tashqari, loyiha uchun zarur bo‘lgan va «rejalashtirilgan xomashyo» o‘rniga «boshqa xomashyo» yoki «o‘rnini bosuvchi xomashyo va materiallar»dan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Yana bir asosiy faktor sifatida, investitsion loyihalarni o‘z vaqtida tayyor holda topshirolmasligidan qo‘rqib, nima qilib bo‘lsa-da, tez bajarish asosiy e'tiborda bo‘lib, sifatga e'tibor ikkinchi darajaga o‘tib qolgan bo‘lishi mumkin.

Bu narsa bizning loyihachilarimizga o‘ziga xos bir «udum» bo‘lib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Endi mazkur voqeaning huquqiy jihatiga e'tibor qaratsak.

Avvalo huquqda mutanosiblik tamoyili mavjud. Ushbu tamoyilga ko‘ra, mansabdor shaxslarning har qanday harakati qo‘yilgan maqsadga muvofiq bo‘lishi zarur. Bu qanday maqsad? Bu maqsad — umumjamiyat ravnaqiga qaratilgan xatti-harakatlardir.

Ya'ni, mansabdor shaxslarning har qanday qarori yoki ishlab chiqqan loyihasi qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonuni mutasaddi organlardan shuni talab qiladi.

Yana bir muhim jihati shuki, bu yerda qonunni mensimaslik, bepisandlik va korrupsiya belgilari bo‘lishi mumkin. Albatta, huquqda aybsizlik prezumpsiyasi mavjud, shuning uchun biz bugun aynan kimnidir ayblamoqchi emasmiz. Buning uchun tegishli vakolatli organlar mavjud.

Biz faqat yuqorida keltirilgan sub'yektiv faktorlar mavjud bo‘lishi mumkinligini ayta olamiz, xolos. So‘z oxirida shuni aytmoqchimizki, jonajon xalqimiz albatta bu balo-ofatlardan chiqib ketadi. Chunki xalqimiz iymoni, irodasi va salohiyati kuchli xalq.

Javohir Shukurov,
huquqshunos va loyiha boshqaruvi bo‘yicha havaskor mutaxassis.

Izoh: Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamaydi.

Bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma'lum qildi. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top