15:25 / 03.05.2020
9389

Toshkent viloyati aholisi ham sinovli kunlarda sirdaryoliklarga yelka tutishga harakat qilmoqda

Mamlakat oyoqqa qalqdi. Bag‘rikeng xalqimiz imkoni yetguncha Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi sababli jabrlangan aholiga ko‘mak berishga otlangan. Xususan, Toshkent viloyati aholisi ham sinovli kunlarda sirdaryoliklarga yelka tutishga qalb amri bilan harakat qilmoqda.

Masalan, Sirdaryoga kechaning o‘zida 13 600 dona tuxum, 3,3 tonna guruch, 7,4  tonna un,  1,7 tonna o‘simlik yog‘i, 3,5 tonna kartoshka, 2,5 tonna piyoz, 3 tonna sabzi, 3,4 tonna makaron, 700 kilo shirinlik, 280 dona ko‘rpa-to‘shak,  1 493 dona kiyim-kechak, 10 ta qoramol, shuningdek, viloyat aholisi nomidan 5 milliard so‘m pul insonparvarlik yordami sifatida yuborildi.

Ayni daqiqalarda Bekobod tumanidan 12 ta, Bo‘ka tumanida 14 ta yuk mashinasida kundalik ehtiyoj mollari va zarur oziq-ovqat mahsulotlari Sirdaryoga yuborilmoqda. Bu jarayonda blogerlar, ommaviy axborot vositalari faol ishtirok etmoqda. Xususan, telegramdagi @olmaliqhayoti, @oltin_voha kanallari tomonidan o‘tkazilgan xayriya aksiyalari davomida viloyat aholisi nomidan Olmaliqda 14 yuk mashinasi, Ohangaronda 8 ta yuk mashinasida kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari jamlandi.

“Vaziyat qanday?”, deb so‘raydi do‘stlarimdan biri qo‘ng‘iroq qilib. Qanday tushuntirishga ham hayronman. Telefonlar tinmayapti, odamlar ehsonlarni qayerga olib borishni so‘rashyapti, viloyat hokimligining telegram va feysbukdagi sahifalarining virtual murojaatlar botiga to‘xtovsiz yozishyapti. Hammaning istagi, xohishi bir – yurtdoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatish. 

Sinovli kunlarda Bo‘ka, Bekobod, Yangiyo‘l, Chinoz, Oqqo‘rg‘on, Pskent tumaniga suv toshqini tufayli jabrlangan 600 nafardan ortiq sirdaryolik hamyurtlarimiz kelishgan. Kecha va bugun ularning bir qismi ortga qaytdi. Shu joyda qiziq holat yuz berdi –  hokimliklar va mahalliy aholi Sirdaryodan kelayotganlarni qayerga joylashtirish bo‘yicha navbat talashdilar. Chetdan kuzatganda, davlat va xalq birlashib, ezgulik va yaxshilik ulashish borasida navbat talashayotgandek ko‘rinadi. Insonni to‘lqinlantiradigan manzara.   

Shu o‘rinda bir misol. Bo‘ka tumani hokimi Nizomiddin Abbosov bilan suhbatlashib turibmiz. Sardobadan kelgan sirdaryoliklarning bir qismi Bo‘kaga joylashgan. Qolganini tuman hokimi tilidan eshiting:

- Sardobada suv toshqini bo‘lgach, odamlar Bo‘kaga ham kelayotganini aytishgan zahoti chegaraga bordim. Yo‘l-yo‘lakay karantin tufayli hozirda bo‘sh turgan bog‘cha va uning yonida yaqinda qurilgan, ishga tushishga shay bo‘lib turgan poliklinikani zudlik bilan mehmonlarni kutib olish, joylashtirish uchun vaqtinchalik qo‘nalg‘a sifatida tayyorlash haqida topshiriq berdim. Sirdaryo-Bo‘ka chegarasidan kirib kelayotgan 20 raqamli avtomashinani postda kutib olib, o‘sha maxsus tayyorlangan, barcha sharoitlarga ega joylarimizga yuringlar, dedim. Ko‘plari rahmat aytib, qarindoshlarinikiga bormoqchi ekanliklarini bildirishdi. Ayrimlarini o‘sha tayyorlab qo‘yilgan obektlarimizga joylashtirdik.

«Odamning taftini odam oladi». Ayni daqiqalarda Bo‘kada qarindoshlari bilan davra qurib suhbatlashib o‘tirgan, maxsus tayyorlangan joyda yashab turgan sirdaryolik yurtdoshlarimizni ko‘rganda shu maqol yana esimga keldi...

Avvalroq Buxorodagi tabiiy ofat, keyin Sardoba voqealarida salbiy ta'sirni yumshatish, aholiga yordam ko‘rsatish istagi odamlarimizda shu darajada yuksak bo‘ldiki, buni ta'riflash qiyin. Muxtasar aytganda, bu voqealar O‘zbekistonimizda davlat va xalqning birligi, birdamligini yaqqol namoyon etmoqda...

Behzod Qobulov,
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top