18:26 / 03.05.2020
20847
Tramp Kim Chen Inning omma oldida ko‘rinish berganiga izoh berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisining oxirgi 20 kun ichida omma oldida ilk ko‘rinish berganiga izoh berdi va bundan xursandligini aytdi.

Foto: AP

“Men, misol uchun, u qaytgani va o‘zini yaxshi his qilayotganidan xursandman”, deb yozgan Tramp tvitterda.

Shimoliy Koreya yetakchisi aprel o‘rtalaridan beri ko‘rinish bermay qo‘ygan. Bunga bir nechta OAV e'tibor qaratgandi. Jumladan, CNN telekanali Kim Chen In oxirgi marta 11 aprelda ko‘ringanini va 15 aprelda bobosi Kim Ir Sen tavallud ayomi bilan bog‘liq tantanali marosimda ilk bor ishtirok etmaganini ma'lum qilgandi. Keyinroq Kim Chen In yuragida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgandan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgani va hattoki vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi. 

Biroq 2 may kuni Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi Kim Chen In 20 kunlik “yo‘qolish”dan keyin ilk bor omma oldida ko‘ringanini ma'lum qildi. Reuters esa Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, Shimoliy Koreya yetakchisi o‘g‘itlar ishlab chiqariluvchi zavod ochilishida ishtirok etganini ma'lum qilgan. Tramp bundan xabar topgach, ushbu ma'lumotga izoh bermoqchi emasligini aytgan. 

Top