09:10 / 04.05.2020
3505
JSSTda koronavirusdan yuqori o‘lim darajasi D vitamini yetishmasligiga bog‘liqligi isbotlanmagani aytildi

Organizmda D vitamini taqchilligi va koronavirusdan yuqori o‘lim darajasi o‘rtasida bog‘liqlik borligining isbotlari yo‘q. Bu haqda RBK nashri Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot xizmatiga tayanib ma'lum qildi.

Foto: Marco Di Lauro / Getty Images

Tashkilotda Sharqiy Angliya universiteti va qirolicha Yelivaveta shifoxonasi jamg‘armasi olimlari olib borgan tadqiqotga shunday izoh berildi. Tadqiqot natijalari Research Square nashrida chop etilgan. Tadqiqot mualliflari Yevropaning koronavirus bilan qamrab olingan 20 ta davlati aholisida D vitamini o‘rtacha darajasini koronavirusdan o‘limlar soni bilan taqqoslashgan. Olimlar Yevropada koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Ispaniya va Italiya aholisida, ayniqsa keksa kishilarida ushbu vitamin past darajada ekanini aniqlashgan. Shundan kelib chiqib, ular koronavirusdan yuqori o‘lim darajasi sabablaridan biri D vitamini yetishmasligi haqidagi taxminni ilgari surishgan

Rossiya Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqotlar qalbakilashtirilishiga qarshi kurashish komissiyasi matbuot kotibi Petr Talantovning ta'kidlashicha, bu tadqiqot D vitaminining koronavirusga chalinish ehtimoli yoki kasallikning borishiga ta'sir qilishini ko‘rsatmaydi. “Birinchidan, ushbu maqola taqrizdan o‘tmagan bo‘lib, unda xohlagan narsani yozish mumkin. Ikkinchidan, tadqiqotda tanlangan usul qo‘yilgan masalaga javob topishda umuman olganda yaroqsiz hisoblanadi”, deb aytgan Talantov.    

Uning ta'kidlashicha, koronavirus mavzusi atrofida “oxirgi vaqtda past sifatdagi tadqiqotlar shunchalik ko‘payib ketganki, boshqa vaqtda ular nazarga tushish uchun birorta imkoniyatga ega bo‘lmasdi”.
  
Tadqiqotda qo‘llangan usulning to‘g‘riligiga Klinik tajribaviy tibbiyot instituti xodimi, virusologiya professori Aleksandr Chepurnov ham shubha bildirgan. Uning ta'kidlashicha, mamlakat bo‘yicha D vitamini darajasi statistikasi va koronavirusga chalinganlar sonini taqqoslashda “tasodifiy mosliklar ehtimoli juda yuqori bo‘ladi”. 

O‘z navbatida, yana bir mutaxassis, virusolog, tibbiyot fanlari doktori Nikolay Malishev ingliz olimlari taqdim qilgan ma'lumotni dolzarb emas, deb topgan. Uning ta'kidlashicha, “bir vitamindangina sabab izlash bo‘yicha” tadqiqot “40 yil avvaloq” olib borilgan. 

JSST 2017 yilda D vitamini taqchilligi immun tizimiga ta'sir qilishi mumkinligini, chunki u shilliq pardaning himoyalovchi funksiyalari oshishiga yordam berishini ko‘rsatgan. Shuningdek, tashkilot vitaminning respirator kasalliklarda himoyalovchi samarasini ko‘rsatgan bir qator tadqiqot natijalarini keltirib o‘tgan.

D vitamini qonda fosfor darajasini saqlab turadi, yurak, buyrak va terini himoyalaydi, immunitetni oshiradi va mushaklar bo‘shashishi oldini oladi. Uning yetishmasligi quyoshda kam bo‘lish sababli yuzaga keladi, biroq bu kamchilik vitaminlar qabul qilish bilan “davolanadi”.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top