17:28 / 04.05.2020
32212
Pandemiya uchun Xitoyni javobgarlikka tortish mumkinmi? – Ekspertlar fikri

Yaponiya va Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiyaga sabab bo‘lgani uchun Xitoydan boshlangan pandemiyaning huquqiy oqibatlari, kasallikning global va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'sirini tahlil qilib berishdi.

– Pandemiya oqibatida yuzaga kelayotgan huquqiy, siyosiy, iqtisodiy inqirozlarni kuzatib shu fikrga kelish mumkinki, hatto rivojlangan davlatlar ham bu darajadagi epidemiyaga tayyormasligi ko‘rinib qoldi. AQSh ham kuzatilayotgan statistikani ham olib qaraydigan bo‘lsak, shu darajadagi qudratli davlatning sog‘liqni saqlash tizimi ham koronavirus oldida ojiz bo‘lib qoldi. Bunga qaysidir ma'noda prezident Trampning tiyiqsiz harakatlari, karantin cheklovlarini o‘z vaqtida joriy etmagani ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu haqida ham ko‘p fikrlar bildirilyapti.

Ayrim davlatlar, xususan, AQSh va Buyuk Britaniya allaqachon Xitoyni ayblashni boshlab yuborishdi. Tez orada XXRni xalqaro javobgarlikka tortish haqidagi iddaolar ham yangrayapti.

Alisher UMIRDINOV, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori (Yaponiya):

– Jamshid aka, shu o‘rinda bir qo‘shimcha aytmoqchiman. Covid-19 tarqalishida Xitoyning xalqaro huquqiy javobgarligi bor yoki yo‘qligi o‘zim a'zo bo‘lgan Xalqaro huquqshunoslar jamiyatida ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘lyapti. Xalqaro huquqda bir davlatni huquqiy javobgarlikka torta olish uchun o‘sha davlat ma'lum bir xalqaro huquqiy asoslarni, ya'ni xalqaro shartnoma, xalqaro odat huquqi yoki xalqaro umume'tirof etilgan xalqaro normalarni buzgan bo‘lishi kerak. Bu yerda Xitoy Covid-19 yoyilayotgani va uning xavflilik masalasi bo‘yicha qaysi manba asosini buzdi, qaysi huquqiy asosga xilof ish qildi, degan masala bor.

Alisher UMIRDINOV

Huquqiy asos sifatida JSST tavsiyanomalari bor. Ularning 6-7-moddalariga ko‘ra, har bir tashkilotga a'zo davlat o‘zida bo‘layotgan muammo haqida JSSTni o‘z vaqtida ogohlantirishi, tashkilot ham boshqa dunyo mamlakatlarini ogohlantirishi kerak. Xitoy yanvar oxiridayoq epidemiya xabarini berdi, lekin ko‘pgina davlatlar fikricha, Xitoy bundan ham oldin harakat qilishi mumkin edi. Masalan, noyabr oyidayoq mish-mishlar chiqishi boshlagan. Shuning uchun Xitoy o‘z vaqtida harakat qildimi degan asosiy masala bor. BMTning Xalqaro sudiga shu masala bo‘yicha da'vo qilib bo‘ladimi? Uning yurisdiksiyasini qabul qilish uchun barcha davlatlar tan olish kerak. Afsuski, Xitoy haligacha BMTning Xalqaro sudi umumiy yurisdiksiyasini tan olmagan. Buning ustiga, Xitoy Filippin bilan bo‘lgan nizolarda ham haligacha Xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini tan olmagan. Xitoyni xalqaro huquqiy javobgarlikka tortish anchayin vaziyatga aylanib qolyapti.

– Ayrim G‘arb nashrlari ilgari surayotgan variantga ko‘ra, Xitoyni xalqaro huquq doirasida javobgarlikka tortish masalasi ham utopiyaga o‘xshab turibdi. Tegishli xalqaro darajadagi hujjatlarni ratifikatsiya qilmagan, tan olmagan bo‘lsa, tabiiyki, unda javobgarlik yuzaga kelmaydi, to‘g‘rimi?

– Xuddi shunday.

– Valijon, Trampning populistik chiqishlari ortidan navbatdagi savdo o‘yinlari yuzaga kelishi mumkinmi?

Valijon TO‘RAQULOV, Inha Universiteti xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti (Janubiy Koreya):

– Pandemiya davrida Trampning haqiqiy lider emasligi ko‘rinib qoldi. OAV ham buni yoritmoqda. Tramni biznes vakili sifatida juda yaxshi bilamiz. Xitoy bilan munosabatlarda ham hech qanday oldindan signallar bermasdan, oldindan ogohlantirish ham bermasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo urushi e'lon qildi. Biz, iqtisodchilar uning bu harakatini «stupid man» deya izohlaymiz, ya'ni u nima qilishini tushunib bo‘lmaydi, xohlagan paytda o‘z qarorini ishlab chiqishi va tatbiq qilib yuborishi ham mumkin. Hozirgi vaziyatda ham Xitoyga ayblov qo‘yilmoqda. Rostdan ham Tramp karantin cheklovlarini qo‘llashni kechiktirgan va aybini boshqalarga, masalan, JSSTga yuklayapti. Ayni vaqtdagi ayblovi Xitoyga bo‘lmoqda. Xitoy Xalqaro sudga berilsa, yanada qattiqroq sanksiyalar qo‘llanadigan bo‘lsa, bu Xitoy-AQSh savdo urushini yanada kuchaytiradi va oqibatda boshqa hamkor davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.

Valijon TO‘RAQULOV

– Bekzod, mana shu kasallik tarqala boshlagandan buyon turli fitna nazariyalari o‘rtaga tashlanmoqda. Jumladan, Tramp ochiqchasiga koronavirus Xitoydagi qaysidir laboratoriyada yaratilgan biologik qurol demoqda. Bu bo‘yicha izlanishlar qilganingizdan xabardormiz. Chindan ham koronavirus o‘ylab topilgan qurol hisoblanadimi?

Bekzod ZOKIROV: Tokio Universiteti siyosiy iqtisodiyot bo‘yicha doktoranti (Yaponiya):

– Bu fitna nazariyasi, ya'ni konspirologiya deyiladi, har xil variantlari bor. Bularni 3 xil variantga ajratsak bo‘ladi. Birinchisi, bunda AQShning «qo‘li bor», degan qarash. Bu Xitoy va Eron tomonidan qo‘yilayotgan ayblovlar. Bunga dalil sifatida o‘tgan yili Uhanda harbiy parad bo‘lgan va AQSh unda ishtirok etgani, o‘sha paytda AQSh harbiylari tomonidan kiritilgani haqidagi nazariya. Bu hech qanday asosga ega emas. Qandaydir taxmin.

Bekzod ZOKIROV

Ikkinchisi, AQShning taxmini. Bunda Xitoyni ayblaydi, chunki Uhanda chiqyapti. Bizga ma'lumki, Uhanda biolaboratoriya mavjud va undan tashqari Uhan shunday joyki, butun Xitoy transportini bog‘lab turuvchi markaziy shaharga qiyoslanadi. Bu o‘z-o‘zidan tasodifan bo‘lishi mumkinmas, degan nazariya. Bunga Yevropa va boshqa davlatlar ham qo‘shiladi.

Uchinchisi, Rossiya. Bunaqa nazariyalar ham juda ko‘p.

Fikrimcha, bularning hech biriga ishonmaslik kerak. Chunki bu nazariyalar muammo ildizini topishimizdan chalg‘itib qo‘yadi va muammoni kimgadir ag‘darib, ma'lum odamlarni mas'uliyatdan soqit qilib qo‘yadi. Trampga bu juda qo‘l keladi, chunki u aybini Xitoyga to‘nkashi oson. Uni ilmiy jihatdan o‘rganish, oldingi virus bilan bog‘liqligi qanaqa degan ilmiy bahslardan chetda qolib ketishimiz mumkin. Bu fitna nazariyasiga ergashish va ishonishdir. Biz mana shunday dezinformatsiya o‘yinlari qurboni bo‘lib qolamiz va bu bizni ilmiy tarafdan tanqidiy yondashishdan uzoqlashtiradi.

Bundan keyin shu turdagi informatsiyalar og‘ushiga tushib qolaveramiz. Pardaning ortidagi vaziyatni bilolmay qolamiz. Ilmiy maqolalarda bu kasallik inson qo‘li bilan yaratilgan virus emasligi isbotlangan. Ilmiy tarafdan bunga ishonish kerak, lekin bitta taxmin bor: virus laboratoriyadan chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Lekin bu ataylab chiqarildi, degan xulosani bermaydi.

Bilamizki, vaksina yaratish uchun virusning o‘zi bo‘lishi kerak. Xavfsizlik talablari bajarilmagan holatda insonning aybi bilan ma'lum sabablarga ko‘ra virus laboratoriyadan chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top