19:15 / 04.05.2020
5511
Pandemiya va shartnomaviy majburiyatlar: huquqiy tahlil

Koronavirus pandemiyasi sharoitida shartnomaviy majburiyatlar bajarilmasligi mumkinmi? Javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi qanday hal qilinadi? Yetkazilgan zarar uchun javobgarlik qo‘llaniladimi? Ushbu maqola orqali shu kabi savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Foto: Pexels

Koronavirus pandemiyasi haqida mutaxassislar turlicha nuqtayi nazarni ilgari surishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab fikrlar bildirilmoqda. Masalan, «pandemiya sabab majburiyatni bajarish shart emas, foizlar to‘lanmaydi va h.k.».

Ushbu fikrlar hammasi ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Shu boisdan mazkur masalada fikr bildirish zarurati mavjud. Bu nafaqat ilmiy-nazariy yoki sohaga doir masala, balki amaliy jihatdan ham sodda, oddiy tilda tushuntirilishi va to‘g‘ri tatbiq etilishi zarur bo‘lgan masalalardan biridir.

Aytish mumkinki, koronavirus pandemiyasi fors-major, yengib bo‘lmas kuch sifatida majburiyatlarni bajarmaslik, lozim darajada bajarmaslik, yetkazilgan zararni qoplash yoki qoplamaslik masalasiga bevosita daxl qiladi.

Shuning uchun ham koronavirus pandemiyasini – yengib bo‘lmas kuch – fors-major, vaziyatni jiddiy o‘zgarishi, majburiyatni bajarishning mumkin bo‘lmasligi deb talqin qilish mumkin.

Yengib bo‘lmas kuch

Avvalo, fors-major holatiga to‘xtalib aytish mumkinki, aksariyat hollarda shartnomada bu haqda ko‘rsatishga harakat qilinadi. Masalan, suv toshqini, ish tashlashlar, tartibsizlik va h.k. Biroq, 2019 yil yakunida ham biror bir davlatda tuzilgan shartnomada koronavirus pandemiyasi fors-major sifatida ko‘rsatilmagan. To‘g‘rirog‘i, buni oldindan ko‘rishning ham iloji yo‘q edi.

Shu boisdan FKning 333-moddasida basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya'ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi.

Demak, hodisa kutilmaganda ro‘y berishi, uning oldindan oldini olish ilojsizligi tufayli ro‘y bersa, bu fors-major hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan Yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda fors-major tushunchasi berilgan.

Unga ko‘ra, fors-major – O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko‘chki, bo‘ron, qurg‘oqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, davlat manfaatlarini ko‘zlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tashqi savdo bitimlari (shartnomalar) va xalqaro shartnomalar bo‘yicha tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlardir.

Bunday holatlarga qarzdorning kontragentlari tomonidan majburiyatlar buzilishi, bozorda majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan tovarlarning yo‘qligi va boshqalar kirmaydi.

Yengib bo‘lmas kuch favqulodda ro‘y berishi, kutilmagan va uning oldini olish mumkin bo‘lmagan hodisa bo‘ladi. Kutilmagan vaziyatda ro‘y beradi. Koronavirus pandemiyasi shunday xususiyatga ega va bu kabi talablarga javob beradi.

FKning 333-moddasida belgilangan yengib bo‘lmas kuch mohiyatan qanday qo‘llanilishi kerak? Tabiiyki, bu holatda insonlar majburiyatlarni bajara olmaydi va natijada shartnoma shartlari buziladi. Har qanday shartnoma buzilishi esa, fuqarolik-huquqiy javobgarlikni keltirib chiqaradi va uning muayyan oqibati yuzaga keladi.

Misol keltiramiz: A. taraf B. taraf bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi tuzadi va A. taraf avans to‘lovini ham oldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli A. taraf xizmatni ko‘rsatmadi. Buning natijasida B. taraf zarar ko‘rdi. Ko‘rilgan zararni A. taraf qoplaydimi? Yo‘q. Chunki, B. tarafning ko‘rgan zarari A.tarafga yozilmaydi.

U holda zanjir qayerda uziladi? Bu borada har xil yondashuv bo‘lmasligi muhim. A. taraf o‘ziga avans sifatida to‘langan to‘lovni ikkinchi tarafga xizmat ko‘rsatilmagani sababli qaytarishi, shartnoma fors-major tufayli bekor qilinishi lozim.

Bu holatda A. taraf men koronavirus pandemiyasi ro‘y bergani sababli to‘langan pulingni ishlatib yubordim, degan vajni keltira olmaydi.

Ushbu vaziyatni ijara shartnomasiga nisbatan ham qo‘llab ko‘ramiz. Ijara to‘lovi to‘lanmaydi – chunki pandemiya. Bunda ijara to‘lovini to‘lamaslik sababi hech kim mendan ijaraga olingan joyda tovarlarni xarid qilmayapti, mijozlar yo‘q, tabiiyki pul tushumi ham mavjud emas. Shu boisdan ijarachi ijara to‘lovini to‘lay olmaydi. Bu vaziyatda ijarachini shunchaki ijara to‘lovini to‘lashdan ozod qilib bo‘lmaydi. To‘lovga qobiliyatli bo‘lgan holatda ijarachi albatta ijara to‘lovini to‘lashi lozim. Shu bilan birga ijaraga beruvchi ijaraga oluvchidan boy berilgan foydani ham undira olmaydi.

Fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar bilan kelishib olishga harakat qilishlari mumkin. Masalan, shartnoma muddatini uzaytirish, shartnomani bekor qilish va h.k.

Vaziyatning jiddiy o‘zgarishi

Ushbu holatda koronavirus pandemiyasini vaziyatni jiddiy o‘zgarishiga sabab sifatida olish mumkin. Bu ham muayyan darajada qiziq. Agar vaziyat ilgari shartnoma tuzilgandan o‘zgarsa, u holda qonun taraflarga shartnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga imkon beradi.

Shartnoma tuzishda taraflar nima manfaat ko‘rishini oldindan ko‘ra biladi, biroq favqulodda yuz beradigan vaziyatni emas. Shartnomani taraflar o‘z manfaatidan kelib chiqib tuzadi. O‘zi manfaatini taxmin qilgan holda shartnoma shartlarini belgilaydi. Bunda manfaatni oldindan oqilona ko‘ra olish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish kerak.

Vaziyatni oldindan ko‘ra olmaslik oqibati FKda nazarda tutilgan. Fuqarolik kodeksining 383-moddaga asosan, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo‘lgan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladi. Vaziyatning taraflar oldindan ko‘ra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin bo‘lgan darajada o‘zgarishi uning jiddiy o‘zgarishi hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasini vaziyatni o‘zgarishi sifatida ko‘rish mumkin. Taraflar uning oldini olishga qodir emas. Bu esa, fors-major sifatida FKda belgilangan mezonlar asosida vaziyatni o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, shartnoma taraflari 2019 yilning dekabr oyida koronavirus pandemiyasi tufayli fors-major bo‘lishini ko‘ra olishi mumkin emas edi. Endi esa, bu vaziyat kundek ravshan va vaziyatga, taraflarning holatiga o‘zining ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Misol keltiramiz: Shartnomani bajarishga inflatsiya o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Aytaylik, ilgari ijara uchun bir kv.m. uchun 5 ming so‘m bo‘lsa, inflatsiya natijasida bu pulga gugurt ham sotib ololmaslik mumkin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, qattiq iqtisodiy inqirozlar yuz bergan vaqtlarda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu boisdan buni oldindan ko‘ra olmaslik sifatida hisoblash mumkin. Bunday vaziyatlarda shartnoma bekor qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yana bir misol: Faraz qilaylik, pandemiyagacha bo‘lgan vaqtda MChJ va savdo kompleksi o‘rtasida ijara shartnomasi tuzilgan edi. Bunda pandemiya salbiy ta'sir qiladigan soha bo‘lishi kerak. Bunday hollarda shartnoma jiddiy o‘zgarishi munosabati bilan taraflar shartnomani o‘zgartiradi yoki bekor qiladi. Ushbu misolda mchj faqat apteka faoliyati bilan band bo‘lmasligi kerak (chunki, bu sohada savdo qilish shartlari, vaziyat jiddiy o‘zgargani yo‘q).

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi turli huquqiy oqibatga olib kelishini ham qayd etish lozim. Uning favqulodda ro‘y berishi, yuz berishini oldindan ko‘ra olinmagani va bartaraf etib bo‘lmaydigan hodisaligi albatta taraflarning mulkiy ahvoliga ta'sir qilishi kerak. Bu o‘z navbatida javobgarlikdan ozod qilish hamda shartnomani o‘zgartirish va bekor qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Ya'ni, vaziyatni radikal o‘zgarishi sifatida ko‘rish lozim.

Majburiyatni bajarishning mumkin bo‘lmasligi

Xalqaro miqyosdagi epidemiologik vaziyat va O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishi tufayli hukumat shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etmoqda. Ta'lim tizimida onlayn dars mashg‘ulotlari o‘tkazish, mehnat munosabatlarida masofadan turib ishlash tushunchalari kirib keldi.

FKning 349-moddasiga ko‘ra, agar taraflardan birontasi ham javob bermaydigan vaziyat tufayli majburiyatni bajarish mumkin bo‘lmay qolsa, u bekor bo‘ladi.

Bundan tashqari, FKning 350-moddasiga ko‘ra, agar davlat organining hujjati chiqishi natijasida majburiyatni bajarish to‘liq yoki qisman mumkin bo‘lmay qolsa, majburiyat to‘liq yoki uning tegishli qismi bekor bo‘ladi. Buning natijasida zarar ko‘rgan taraflar FKning 12 va 15-moddalariga muvofiq uni to‘lashni talab qilishga haqlidirlar.

Davlat organining majburiyat bekor bo‘lishiga asos bo‘lgan hujjati belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilganida, agar taraflarning kelishuvidan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib kelib chiqmasa va majburiyatni bajarish kreditor uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lsa, majburiyat tiklanadi.

Misol keltiramiz: Yengib bo‘lmas kuch yuzaga kelgan vaziyatni kredit munosabatlariga ham tatbiq etamiz. To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son farmoni ijrosi doirasida yuridik shaxslarning kreditlari bo‘yicha 7,9 trln so‘m hajmdagi qarzdorligi kechiktirilgan. Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020 yilning navbatdagi 6 oyi mobaynida so‘ndirilishi lozim bo‘lgan kreditlar bo‘yicha muddati uzaytiriladigan to‘lovlar hajmi 4,7 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Biroq, «kechiktirish» va «umuman to‘lamaslik» butunlay boshqa-boshqa tushunchalar va qarzdor taraf fors-major tufayli kredit to‘lamayman deya olmaydi. Kredit qarzi va foizlar baribir bankka to‘lanadi. Shartnoma bo‘yicha qarzdorning qarzi koronavirus pandemiyasi tufayli bekor bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, bank boy berilgan foydani undirishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5978-son farmoniga ko‘ra, Markaziy bank zimmasiga amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta'minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qo‘llamaslik choralarini ko‘rish belgilangan.

Mazkur vaziyatda bankning zarar sifatida boy berilgan foydani undirish talabi qo‘shimcha mulkiy javobgarlik hisoblanadi, shartnoma majburiyatini, ya'ni qarzni va foizini bajarishidan tashqari bo‘lgan qo‘shimcha harajatlarni – penya to‘lashni qarzdorga yuklab bo‘lmaydi.

Bu o‘rinda kredit uchun foizlar va neustoyka sifatida undiriladigan jarima va penya farqlash kerak. Bank o‘zining asosiy faoliyati sifatida kredit va unga to‘lanadigan foizlarga bevosita bog‘liq. Aynan koronavirus pandemiyasi tufayli qarzdor kredit foizlarini to‘lashdan ozod qilinmaydi. Qarzni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash esa, taraflar kelishuvi yoki qonun hujjatida belgilangan normaga bog‘liq.

Misol keltiramiz: Koronavirus pandemiyasi tufayli umumiy ovqatlanish joylari, restoran, kafelar faoliyati ta'qiqlangan (albatta ko‘pchilik yig‘ilmasligi va kasallikni yuqtirmaslik nuqtai nazaridan). Agar siz u yerga borsangiz, hamma joy yopiqligi sababli xizmatdan foydalana olmaysiz. Majburiyat huquqi nuqtayi nazaridan majburiyat bajarish mumkin bo‘lmasa, majburiyat to‘liq bekor bo‘ladi.

Bu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun oldindan avans puli to‘langan bo‘lsa-chi? Javob shunday bo‘ladi: baribir majburiyatni bajarib bo‘lmaydi. Majburiyat huquqida kreditor va qarzdor o‘rtasida huquqiy aloqa mavjud bo‘ladi. Sotuvchi tovarni berishi, xaridor pulini to‘lashi kerak. Restoran sizga xizmat ko‘rsatishi kerak edi. Siz pulini oldindan bir oy oldin to‘lab qo‘ygansiz. Qarzdor vaziyat tufayli Sizga xizmat ko‘rsata olmaydi. Bunday holda puli to‘langan bo‘lsa, majburiyatni bajarish keyingi davrga suriladi.

Bu vaziyatda majburiyat huquqining oqibatlariga doir normalarga murojaat qilinadi. Taraflar o‘rtasida o‘zaro bog‘liq ijrolar mavjud. Bir taraf avans to‘lagan, muqobil majburiyat esa, vaziyat tufayli pandemiya sababli bajarilishi mumkin emas. Bunda ikkinchi taraf majburiyatdan bosh tortishga haqli. Natijada shartnoma bekor qilinishiga olib keladi. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish haqidagi normani amaliyotga tatbiq etish tabiatan birmuncha qiyin. Ushbu vaziyatda puli to‘langanlik fakti mavjud, shartnoma bekor bo‘lgan va natijada pulni olgan taraf asossiz boylik orttiruvchi maqomiga tushib qoladi.

FKning 1023-moddasida asossiz boylik orttirishning oqibatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, qonun hujjatlarida yoki bitimda belgilangan asoslarsiz (shartnoma asos edi, lekin bekor qilindi) boshqa shaxs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qo‘lga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart.

Asosiysi, ushbu qoida asossiz boylik orttirish qo‘lga kirituvchining, jabrlanuvchining o‘zining, uchinchi shaxslarning xulq-atvori natijasi bo‘lganligidan yoki ularning irodasidan tashqari sodir bo‘lganligidan qat'i nazar qo‘llaniladi.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, shartnoma shartlari yengib bo‘lmas kuch koronavirus pandemiyasi sababli bajarilmasa, u holda qarzdordan neustoyka, zarar (real va boy berilgan foyda) undirish mumkin bo‘lmaydi va qarzdor taraf javobgarlikka tortilmaydi.

Real vaziyatga to‘g‘ri huquqiy baho bermasdan turli-tuman bahonalar bilan huquqni suiiste'mol qilish esa, tegishli huquqiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Elektron shartnomalar tuzishning o‘ziga xosligi

Hozirgi vaziyatda axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda shartnoma tuzishga ayniqsa ehtiyoj katta. Amazon, EBay, Google, Telegram, Instagram va Facebook kabi internet do‘konlar orqali ham shartnomaviy munosabatga kirishilmoqda. Uyda o‘tirgan holda smartfon, mobil qurilma yordamida buyurtma beriladi va yetkazilgan tovar uchun muayyan haq to‘lanadi.

Albatta, bu o‘rinda shartnoma tuzishga taklif–oferta va shartnomani tuzishga rozilik–aksept o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Bu o‘rinda elektron shartnoma shartlarini belgilash, g‘irromlikka yo‘l qo‘ymaslik (navbatsiz tovarlarni berish, xizmatlar ko‘rsatish), ortiqcha narxni belgilashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Internet tarmog‘i orqali shartnoma tuzish mumkin. To‘lovni ham ushbu yo‘l bilan amalga oshirish imkoniyati mavjud. Biroq tovar har doim ham onlayn yetkazib berilmaydi. Ayniqsa, oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj tovarlari va boshqalar. Elektron shartnomalarda o‘zgartirish va bekor qilish imkoniyati ham mavjud. Bundan kelib chiqadiki, har qanday shartnoma ham elektron tarzda tuzilavermaydi (masalan, ko‘chmas mulk).

Qayd etish lozimki, fors-major yuz bergani, uning majburiyatni bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligiga bog‘liqligiga sud tomonidan baho beriladi. Bu borada kelgusida sudlarda ish hajmi ko‘payishi ehtimoli ham mavjud.

Shu bilan birga, har qanday fors-major hodisasi yengib bo‘lmas kuch sifatida majburiyatni bajarilmasligiga ta'sir qilmasligi mumkin. Masalan, karantin davrida tez tayyorlanadigan ovqatga buyurtma berildi. Bunda buyurtmani qabul qilgan tadbirkor karantin tufayli majburiyatni bajarmasligi mumkin emas. Albatta bu o‘rinda sababiy bog‘lanish ham e'tiborga olinadi.

Qambariddin Mehmonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top