08:24 / 04.05.2020
6086

Serbiya va Nigeriya karantindan chiqmoqda

Serbiya va Nigeriyada koronavirus tarqalishi oldini olish munosabati bilan kiritilgan karantin cheklovlari yumshatilmoqda.

Foto: AFP

Serbiya hukumati 4 maydan kafe va restoranlar ochilishiga ruxsat berdi. Shuningdek, jamoat transporti qisman faoliyat yurita boshlaydi.

Butun mamlakat bo‘ylab shaharlararo avtobus va temir yo‘l transporti harakatlanishi tiklanadi. 

8 maydan poytaxt Belgrad va Nish shahrida jamoat transporti qatnovi tiklanadi. Yo‘lovchilar xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari kerak bo‘ladi. Shu kuni mamlakatda bog‘lar va savdo markazlari ochiladi. 11 maydan esa bolalar bog‘chalari ishlay boshlaydi. 18 maydan aviaaloqani tiklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 7 maydan komendantlik soati bekor qilinadi. 

Epidemiolog Predrag Kon komendantlik soati bekor qilingandan keyin mamlakatda ba'zi cheklovlar amal qilishi davom etishini ma'lum qilgan. “Komendantlik soati bekor qilingani epidemiya bekor qilinganini anglatmaydi”, deb ogohlantirgan mutaxassis.

Shuningdek, Afrikaning eng yirik iqtisodiyotga ega va aholisi eng ko‘p davlati hisoblangan Nigeriyada 4 maydan bir qator karantin cheklovlari bekor qilinadi. Bu birinchi navbatda mamlakatning yirik megapolislariga taalluqli bo‘ladi.

Karantin choralari yengillashtirilishi 6 hafta davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu jarayon 3 ta bosqichga bo‘linib, ulardan har biri 14 kun davom etadi.

4 maydan mamlakat aholisiga, epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lib qolayotgan Kano shtatidan tashqari, oziq-ovqat xaridi, ishga borish, sport bilan shug‘ullanish va tibbiyot muassasalariga borish uchun erkin harakatlanishga ruxsat beriladi. Banklar soat 8dan 14gacha ishlaydi. Maktablar yopiqligicha qoladi, barcha madaniy tadbirlar taqiqlov ostida bo‘ladi, restoranlarga faqat taomlarni olib ketish uchun ishlashga ruxsat beriladi.

Jamoat joylarida tana harorati o‘lchanadi va tibbiy niqoblar taqib yurish majburiy bo‘ladi.

Shu bilan birga Nigeriya prezidenti mahalliy hokimiyatlarga pandemiyaga qarshi kurashda keng huquqlar bergan.

Nigeriya hukumati karantin yengillashtirilishiga asosiy sabablardan biri uning iqtisodiyotga salbiy ta'siri ekanini yashirmayapti. Prezidentning ta'kidlashicha, karantin ham davlat, ham jamiyat uchun juda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelgan.  

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top