20:00 / 04.05.2020
2749
Xalq demokratik partiyasi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan buxoroliklarga yaqindan yordam beryapti
Foto: Prezident matbuot-xizmati

Joriy yilning 28 aprel kuni bo‘lib o‘tgan tabiiy ofat sababli Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l tumanlarida ko‘plab uy-joylar va ijtimoiy soha obektlariga turli darajada zarar yetdi.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shu kunlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Mamlakatimizning barcha hududlaridan turli ko‘rinishdagi yordamlar kelishi davom etmoqda. Ko‘makka shoshilganlar, butun buxoroliklar safida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlar ofatdan zarur ko‘rgan bino va inshootlarni ta'mirlash, tiklash ishlariga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

Parlament, mahalliy Kengash deputatlari hududiy ishchi guruhlar bilan birga aholi ko‘rgan zararlarni aniqlash, tiklash-ta'mirlash jarayonlarini sifatli olib borishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Partiyaning el-yurt orasida katta hurmat-e'tibor qozongan a'zolari karantin qoidalariga amal qilgan holda, aholi vakillari bilan muntazam uchrashib, hech kim e'tibordan chetda qolmasligi, xavotirga o‘rin yo‘qligini tushuntiryapti.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga asosan Buxoro viloyatidagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat budjetidan 100 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Hozirgi qiyin kunlarda budjet mablag‘lari yordamga muhtojlarga to‘g‘ri va to‘liq yetib borishi dolzarb ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda ham deputatlardan katta mas'uliyat talab etiladi.

Kutilmagan talafotdan ziyon ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shni viloyatlardan ustalar keldi, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar yetkazilmoqda.

Hamjihatlik, qo‘llab-quvvatlash ishlari “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bilan uyg‘unlashib ketganini ham alohida ta'kidlash kerak.

Partiya faollari va deputatlarimiz homiylik masalalarida katta tashabbus ko‘rsatyapti. Xususan, A.Ergashev Qorako‘l tumanida Sayyod MFYda talafot ko‘rgan uylarning tomini ta'mirlash uchun 70 nafar ishchi yollab, moddiy va oziq-ovqat ta'minotini zimmasiga oldi. A.Fozilov Olot tumanida “Opshok” va “Arabxona” mahallasidagi xonadonlarni shiferlar bilan ta'minlash va ustalarni jalb qilishga katta mablag‘ ajratdi. F.Bekmirzayev Olot tumanidagi zarar ko‘rgan mingdan ortiq fuqarolarga 150 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, F.Ziyadullayeva esa katta miqdorda tibbiy niqob va boshqa gigiyenik vositalar yetkazib berdi. Bunday saxovatli partiyadoshlarimiz safi keng, har kuni yangi tashabbuslar bilan chiqishyapti.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Buxoro viloyatida tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida homiylik mablag‘i ajratdi. Mazkur yordam Olot va Qorako‘l tumanlari hokimliklari bilan bamaslahat holda, muhtoj oilalarning uy-joyini tiklash-ta'mirlash ishlari uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Sinovli kunlarda hamjihat bo‘lish, bir-birimizga yordam ko‘rsatish burchimizdir.

Ishonamizki, yaqin kunlarda Olot va Qorako‘l tumanlarida qishloq, mahallalar qiyofasi tubdan yangilanadi, oilalarning turmushi, hayoti qayta izga tushadi.

Zulfiya To‘yyeva,
O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi,
Sherzod Rahmonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Top