15:10 / 04.05.2020
7260

Xorazm viloyati budjetidan sardobaliklarga yordam uchun 3 milliard so‘m ajratildi

«Sardoba» suv omborida kelib chiqqan falokatdan jabr ko‘rgan sirdaryoliklarga yordam berish uchun Xorazm viloyat budjetidan 3 milliard so‘m ajratiladi. 

Foto: KUN.UZ

4 may kuni xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, deputatlar, tuman hokimlari, korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiyada Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining bir qismi o‘pirilishi oqibatida yuzaga kelgan ofatdan talafot ko‘rgan aholini qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Deputatlar suv toshib, hududdagi aholi punktlarida turar va noturar mulklar, ijtimoiy soha obektlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy talafot yetgani va 70 mingga yaqin fuqaro bu talafotdan aziyat chekkani xorazmliklarni ham qayg‘uga solganini ta'kidlashdi. Shunday davrda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoiti vaqtinchalik og‘irlashgan sirdaryoliklarga ko‘maklashish, yordam berish insoniylik burchi ekanini e'tirof qilishdi. 

Sessiyada Sardoba ahliga ko‘maklashish xayriya jamg‘armasiga viloyat budjetidan 3 milliard so‘m pul ajratish taklifi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Avvalroq Xorazm viloyatidan Sirdaryoga jami 500 million so‘mlik insonparvarlik yordami - oziq-ovqat, kiyim-kechak va qurilish materiallari yuborilgandi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top