23:12 / 04.05.2020
18963
Xorijdagi vatandoshlar Sardoba falokati jabrlanuvchilari uchun mablag‘ to‘plamoqda

GoFundMe platformasida «Sardoba» suv omboridagi avariya jabrlanuvchilariga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida xayriya aksiyasi boshlandi.

Aksiya xorijdagi ko‘plab vatandoshlarning taklif va istaklarini inobatga olgan holda, bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev hamda AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Abror Qodirov tomonidan tashkil etildi.

Tashabbuskorlarning aytishicha, 3 may kuni e'lon qilingan aksiya bo‘yicha 1 kun ichida yig‘ilgan pullar miqdori 11 ming AQSh dollaridan o‘tgan.

Hozirgacha 200ga yaqin inson o‘z hissasini qo‘shib, 14 ming dollarga yaqin mablag‘ yig‘ildi.

«Xorijdagi o‘zbeklar, do‘stlar, shuningdek xalqaro plastik kartalari (Visa, Mastercard va h.k.) bor bo‘lgan O‘zbekistondagi hamyurtlarimizdan imkoni yetsa, ushbu aksiyada ishtirok etib, yordam qo‘lini cho‘zishlarini iltimos qilamiz.

Yoki hech bo‘lmasa bu xabarni do‘stlaringiz bilan ulashsangiz ham katta yordam bergan bo‘lar edingiz. Barchaga oldindan minnatdorlik bildiramiz. Ehsonlarni Alloh dargohida qabul qilsin», – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Aksiyani ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijdagi ko‘plab vatandoshlar, shu jumladan xorijiy tashkilot vakillari ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Yonas Astrup ham bunga e'tibor qaratdi.

«Do‘stim Xushnudbek «Sardoba» suv ombori falokatidan keyin evakuatsiya qilinganlarga yordam berish uchun GoFundMe'da sahifa ochibdi. Iltimos, buni ulashing va xayriya qiling», deya tvit qoldirdi Astrup.

Aksiyada nafaqat o‘zbekistonliklar, balki boshqa chet elliklar ham yordam qo‘lini cho‘zishmoqda. Xususan, janubiy afrikalik bir foydalanuvchi shunday izoh qoldirgan:

«Mening otam O‘zbekistonda yashaydi va Prezident maktabida dars beradi. U bizga o‘zbeklar juda mehribon va ajoyib insonlar ekanliklarini aytadi. Shuning uchun men ham Ramazon oyida Janubiy Afrikadan oz bo‘lsa-da o‘z hissamni qo‘shmoqchiman».

Maqola e'lon qilingan vaqtda aksiyada 195 nafar ko‘ngilli xayriya qilgan bo‘lib, hozircha eng ko‘p mablag‘ – 1050 dollar anonim foydalanuvchi tomonidan taqdim qilingan. Shuningdek, yana bir saxovatpesha inson anonim tarzda 600 AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top