23:06 / 04.05.2020
10896
Yevropaning koronavirus epidemiyasining eng yuqori darajasidan o‘tilmagan davlatlari ma'lum qilindi  

Yevropada koronavirus epidemiyasining boshlang‘ich to‘lqini o‘tayotgan bo‘lsa-da, uning bir qator davlatlarida hali ham koronavirusga chalinish holatlari ko‘payayotgani qayd etilmoqda. 

Foto: Reuters

Yevropa ittifoqining koronavirus epidemiyasining eng yuqori darajasidan hali o‘tilmagan 5 ta davlati ma'lum qilindi. Bu haqda Yevropaning kasalliklar oldini olish va nazorati markaziga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi.  

Markaz direktori Andrea Ammonning ta'kidlashicha, Bolgariyada hamon koronavirusga chalinish holatlari ko‘payayotgani qayd etilmoqda. Shu bilan birga, markaz Britaniya, Polsha, Ruminiya va Shvetsiyada ham oxirgi 14 kun ichida sezilarli o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rmagan.

Shu bilan birga, Yevropaning boshqa davlatlarida kasallanish holatlari kamayayotgani kuzatilmoqda.

“2 may holatiga ko‘ra, ko‘rinishicha, Yevropada koronavirus yuqishining boshlang‘ich to‘lqini o‘zining cho‘qqisidan o‘tdi”, deb aytgan Ammon.

Avvalroq Ispaniyada karantin yumshatilib, odamlar sayrga chiqa boshladi. Mamlakatda turli yoshdagilar uchun sayr soatlari taqsimlab berildi. Misol uchun, kattalarga soat 6dan 10gacha va 20dan 23gacha sayr qilishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, Italiyada 4,5 mln kishi o‘z ishiga qaytayotgani ma'lum qilindi. Mutaxassislarning fikricha, karantin choralari yengillashtirilishi italiyaliklarning virus bilan birga yashay olishlariga jiddiy tekshiruv bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top