11:43 / 05.05.2020
27573

AQSh saylovlari: Koronavirus Trampni «sindirmoqda», Baydenga navbatdagi «hujum»

Butun dunyo koronavirus bilan bo‘lib yil yakunida bo‘lib o‘tadigan juda muhim jarayon haqida biroz unutgandek. AQShda 3 noyabr kuni prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Bu nafaqat bir mamlakat uchun ahamiyatli jarayon. AQShning keyingi rahbari kim bo‘lishi butun dunyo uchun xarakterli. Prezidentlik poygasidagi asosiy ikki nomzodning holatiga birrov nazar solsak.

OAVda Donald Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi rahbarini sudga berishi bilan tahdid qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi vaqtida Oq uy yetakchisining reytingi tushib ketdi. So‘rovlarda Jo Baydendan ortda qolayotganini sezgan Tramp alamini o‘z targ‘ibotchisidan olmoqchi bo‘layotgani taxmin qilindi.

«Men Jo Baydenga yutqazmoqchi emasman!», deya Tramp o‘z saylov kampaniyasi rahbari Bred Parskeyl bilan telefon suhbatida aytgan gaplarni keltirgan OAV. Ammo Tramp ham, Parskeyl ham tvitterda bu gaplar yolg‘onligini aytishgan. Darvoqe, Parkseyl 2016 yilgi saylovda ham Trampning saylov kampaniyasida faoliyat olib borgan. Hozir esa Trampning bosh targ‘ibotchisi hisoblanadi.

AQSh nashrlarining yozishicha, Tramp va uning targ‘ibotchisi o‘rtasidagi suhbat juma kuni bo‘lib o‘tgan. Bundan bir kun oldin esa Tramp matbuot anjumanida hayratlanarli chiqish qilgandi. Prezident koronavirusga qarshi kurashda ichki organlarni dezinfeksiya qilish va nurdan foydalanishni taklif qildi. Shifokorlar esa bu taklifni bema'ni deb atashdi. O‘z navbatida Tramp bunday tanqidlarni oldindan sezgandek fikrini izohlagandi: «Men shifokor emasman, lekin mana bu yerim yaxshi ishlaydi», degandi u qo‘li bilan boshiga ishora qilib.

Prezident nega qizishib ketgan?

Donald Tramp bejiz bunchalik qizishib ketmagan. Mojaroli suhbatdan avval Tramp saylov kampaniyasi a'zolari bilan uchrashgan. Ular «uyalmay-netmay» Trampga deyarli barcha so‘rovnomalarga ko‘ra Baydendan ortda qolayotganini aytishgan. So‘rovnomalarga ko‘ra, chindan Baydenning reytingi asosiy shtatlarda 6 foizgacha ilgarilab ketgan. Pandemiya sabab amaldagi prezidentning reytingi tushishdan to‘xtamayapti.

2016 yilda Bred Parskeyl Trampning saylov kampaniyasida raqamli texnologiyalar bo‘limiga javobgar bo‘lgan.
GETTY IMAGES

Trampning reytingi har kunlik brifinglar sababli ham tushib ketayotgani aytilmoqda. Chunki ularda har xil savollar beriladi. Ikki soatlab davom etadigan anjumanlarda esa odam charchab, noo‘rin gap aytib yuborishi hech gap emas. Emerson kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, 39 foiz amerikaliklar Tramp pandemiya vaqtida to‘g‘ri harakat qilmoqda deb hisoblayotgan bo‘lsa, 51 foiz fuqarolar esa uning to‘g‘ri ish tutayotganiga shubha bildirgan.

CNN’ning xabar berishicha, respublikachilar partiyasining xavfsizlik kengashi rahbari Ronna Romni Makdeniel prezidentga brifinglarda ishtiroki uning obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini aytgan va Trampni ommaviy chiqishlardan chekinishga chaqirgan. Ammo prezident unga «Saylovchilar ular uchun kurashishimni bilishadi va shuning uchun meni yaxshi ko‘rishadi», deb javob bergan.

Trampning fikricha, reytingi pastlayotganiga brifinglardagi ishtiroki emas, raqobatchilari bilan yuzma-yuz kechadigan uchrashuvlarda qatnashmayotgani sabab bo‘lmoqda: «Men bir necha oydan buyon Oq uydan chiqmayapman va imkon bo‘lsa, tashqariga chiqib uchrashuvlar o‘tkazardim», degan prezident.

«U brifinglarda o‘zini yomon tutganini biladi va shuning uchun xafa», degan CNN’ga «ismini oshkor qilishni xohlamagan» respublikachilardan biri.

Tramp yana jurnalistlardan xafa bo‘ldi

Yaqinda AQShning ikki yirik nashri New York Times hamda Washington Post’da e'lon qilingan maqola Trampning «jurnalistlarga bo‘lgan muhabbati yanada ortishiga sabab» bo‘ldi. O‘sha maqolada iddao qilinishicha, prezident go‘yoki ertalab vaqtli turadi-da, yetti soatlab televizordagi yangiliklarni tomosha qiladi va kunning ikkinchi yarmidagina Oval kabinetda paydo bo‘lib, qolgan vaqtni do‘stlari, maslahatchilari bilan telefonda gaplashib o‘tkazadi.

Tramp jurnalistlarga bo‘lgan nafratini tvitter orqali namoyish qildi. U Rossiya haqidagi (ya'ni, Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani haqida) uydirmalari sabab «Nobel mukofoti olgan muxbirlar»ni tanqid qildi. Prezident ularga mukofotni qaytarib berishni va u haqiqiy muxbirlarga berilishi kerak ekanini yozdi.

Trampning bu tvitlari tarmoq foydalanuvchilari orasida kulgiga olindi. Birinchidan, Tramp mukofotning nomini xato yozgandi (Nobel prize emas, Noble prize deb). Ikkinchidan, Nobel mukofoti jurnalistlarga berilmaydi. Keyinchalik Tramp bu tvitlarini o‘chirib tashladi va ularni sarkazm deb atadi.

Baydenni jinsiy zo‘ravonlikda ayblashmoqda

Bu surat 15 mart kuni olingan. O‘shandan buyon 77 yoshli Jo Bayden epidemiya tufayli o‘z uyidan chiqqani yo‘q.
Uchrashuvlar, intervyular va chiqishlarni u videoaloqa orqali amalga oshirmoqda / REUTERS

Trampning reytingi koronavirus tarqalishi fonida pasayib borayotgan bir vaqtda uning asosiy raqobatchisi Jo Baydenni jinsiy zo‘ravonlikda ayblashmoqda. Shundog‘am o‘g‘li sabab katta mojarodan boshi chiqmayotgan Bayden yana bir boshog‘riq orttirib oldi. Baydenni avval ham «ijtimoiy masofani yoqtirmaslikda» va yordamchilarini tez-tez quchoqlashda ayblashgandi. Bir gal esa ayblov jiddiyroq: Bayden bilan senatorlik vaqtida birga ishlagan Tara Ridning aytishicha, Bayden 1993 yilda uning boshini aylantirishga harakat qilgan.

Rid xonimning iddaolarini uning akasi va do‘stlaridan biri tasdiqlagan. Baydenning sobiq hamkasbi bo‘lgan Rid xonim o‘sha vaqtda senator bo‘lgan Bayden bilan yolg‘iz qolganida sobiq vitse-prezident unga tegajog‘lik qilganini aytgan. Rid xonimning aytishicha, Bayden unga «boshqa yerga borish»ni taklif qilgan. Rad javobini olgach esa Bayden «sen hech kimsan» deb uni jyerkib tashlagan.

Tabiiyki Bayden bu gaplarni rad etdi. Jurnalistlar Rid xonimdan bu voqea sodir bo‘lgan aniq sanani so‘rashganda u eslolmasligini, ammo voqea Senatning yerto‘lada joylashgan binosida bo‘lganini aytgan. Qizig‘i, Tara Rid 1993 yilda sodir bo‘lgan voqea sabab Bayden ustidan Vashington politsiyasiga rasman arz qilgan.

Xullas, prezidentlik poygasidagi asosiy ikki nomzod ham reyting borasida havas qilarli holatda emas. Albatta, prezidentlik uchun ulardan boshqa nomzod paydo bo‘lishini kutish qiyin. Har ikki nomzod reytingining tushayotgani esa prezidentlik poygasi qizishiga sabab bo‘lsa, ajab emas.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top