22:57 / 05.05.2020
6840

Boeing sun'iy ongga ega jangovar dron prototipini taqdim etdi

Boeing korporatsiyasi jangovar dronlar Loyal Wingman’ning uchta prototipidan birinchisini taqdim etdi. Ushbu qurilma Avstraliya harbiy-havo kuchlari buyurtmasiga ko‘ra yaratilmoqda.

Foto: Boeing

Turli davlatlar qurollanishida turgan va odam tomonidan masofadan boshqariluvchi jangovar dronlardan farqli o‘laroq, Loyal Wingman sun'iy ong bilan jihozlanadi. Bunda ham inson aralashuvi kerak bo‘lsa-da, u ancha kamayadi. 

Ushbu dronlarni yaratish dasturi rahbari Sheyn Arnottning ta'kidlashicha, bunday dronlarning ommaviy ishlab chiqarilishi “2020-yillar o‘rtalarida, balki undan ertaroq” boshlanishi mumkin. Dronning sinovlari joriy yil oxirida boshlanishi kerak. 

Yangi qurilmaning uzunligi 11,6 metrni, uchish uzoqligi 3,7 ming km.ni tashkil qiladi. U Boeing’ning Avstraliyadagi jamoasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Avstraliya harbiy-havo kuchlari loyihaga 25,7 mln dollar sarmoya kiritgan.  

Sun'iy ong bilan jihozlanuvchi dronlar jangda mustaqil yoki guruhning bir qismi sifatida harakat qilishi mumkin. Bunda u boshqa samolyotlarga nisbatan xavfsiz masofani saqlay oladi. 

Avstraliya harbiy-havo kuchlari vitse-marshali Ketrin Robersning aytishicha, Loyal Wingman jang sharoitida qurol tashishi va samolyotlarni himoyalashda xizmat qilishi mumkin. Bunday dronlardan 16 tagachasi uchuvchilar boshqaradigan samolyotlar bilan birgalikda u yoki bu vazifani bajarishda jangovar guruh shakllantirishi mumkin. Ta'kidlanishicha, loyihaga AQSh va Britaniyada qiziqish bildirilmoqda.

Mavzuga oid
Top