22:48 / 05.05.2020
16971
Britaniya koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda 2-o‘ringa chiqdi

Oxirgi statistik ma'lumotlar Britaniyada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari Yevropa davlatlari orasida eng yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. 

Foto: Getty Images

Britaniya milliy statistika idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan 32313 kishi vafot etgan. Bu esa Yevropada koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha 1-o‘rinda turgan Italiyaning ko‘rsatkichlaridan (29079  o‘lim) oshib ketgan.

Bu holat shuningdek Britaniya koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin 2-o‘ringa chiqqanini anglatadi.

Biroq ta'kidlab o‘tish joiz, koronavirus bo‘yicha real vaqtda oxirgi ko‘rsatkichlar bilan tanishtiruvchi worldometers.info/coronavirus/ sahifasi ma'lumotlariga ko‘ra, Britaniya ayni vaqtda koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha (29,427 ta) dunyoda 4-o‘rinda turibdi.

Metro nashrining aniqlik kiritishicha, Britaniya milliy statistika idorasi mutaxassislari koronavirusdan nafaqat shifoxonalarda, balki ulardan tashqarida vafot etganlarni ham hisobga olishgan. Bunda, shuningdek, shifokorlar xulosasida vafot etgan bemorda virus borligi tasdiqlanmagan holda, unda faqatgina koronavirus borligi gumon qilingan holatlar ham hisobga olingan.  

5 may kunidagi matbuot anjumanda Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, Britaniyada ayni vaqtda koronavirusga chalingani tasdiqlangan 29427 kishi vafot etganini ma'lum qilgan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top