20:33 / 05.05.2020
30951
«Et va tirnoqdekmiz» – Prezident O‘zbekiston suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda Qozog‘istonga yordam berishga tayyorligini bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida Sirdaryo viloyatida yuz bergan favqulodda hodisaga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi.

Prezident Sardobadagi texnogen ofat tufayli Qozog‘istonning janubiy qismidagi hududlar ham zarar ko‘rgani, O‘zbekiston hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shni davlat bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytib o‘tdi.

«Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh bo‘lgan yon qo‘shnimiz – Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti, hurmatli Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi.

Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda bo‘lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo‘lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelganmiz.

Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.

Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.

Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik.

Ishonchim komil, biz boshimizga tushgan bu og‘irliklarni ham xalqimiz bilan birgalikda, o‘zaro hamjihatlikda bir tanu bir jon bo‘lib, albatta, yengib o‘tamiz», degan prezident.

Ma'lumot uchun, avariya oqibatida Turkiston viloyatidagi 10ta aholi punkti suv ostida qolgan, 14ta aholi punktidan 31 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.

Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyevning aytishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi 845ta uy, 3ta maktab, 5ta bolalar bog‘chasi, 4ta tibbiyot muassasasi, 1ta madaniyat uyi va 54,7 km uzunlikdagi yo‘l ostida qolgan; 7 639 gektar ekin maydoniga zarar yetgan.

Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Sergey Gromovning so‘zlariga ko‘ra, «Sardoba» suv omborining qurilishi Qozog‘iston tomoni bilan kelishilmagan.

«Bugun biz nota tayyorladik, u Tashqi ishlar vazirligi orqali yuboriladi, unda bizning transchegaraviy suvlarimizda Sirdaryo daryosi havzasida qurilgan barcha obektlarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etish so‘ralgan», – degan vazir o‘rinbosari.

Ammo ushbu bayonotdan so‘ng ko‘p o‘tmay Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga nota yo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ma'lum qildi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top