18:03 / 05.05.2020
44428
FVV Sirdaryoda infratuzilmaga yetgan zarar haqida ma'lumot berdi

FVV Sardobada holat, xususan, insonparvarlik yordamining yangi partiyalari, infratuzilmaga yetgan zararni baholash, qayta tiklash hajmi haqida ma'lumot berdi.

Foto: FVV matbuot xizmati

«Sardoba» suv omborining yorilishi natijasida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi. 

Favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan hududda Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa davlat xizmatlarining 2 mingga yaqin maxsus texnikasi ishlamoqda. Shuningdek, ushbu hududda Yong‘in o‘chirish mashinalari va motopompa yordamida toshqin suvi uylardan, infratuzilma obektlaridan chiqarilib, sug‘orish va drenaj tizimlari tozalanmoqda.

«Bunga qo‘shimcha ravishda elektr tarmoqlari, gaz, suv quvurlari va boshqa turdagi kommunal tarmoqlarini tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

Hozirda toshqindan zararlangan 58 ta bazaviy mobil stansiyalaridan 48 tasi ta'mirlandi. Shu bilan birga, ishdan chiqqan boshqa infratuzilma obektlariga yetkazilgan zarar miqdorini baholash ishlari olib borilmoqda. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar yetgan infratuzilma obektlariga 8 ta bolalar bog‘chasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi ko‘prik, 52 km uzunlikdagi yo‘l, 1 ta dehqon bozorini kiritish mumkin. Shuningdek, 99 ta ko‘p qavatli turar-joy binosiga qisman zarar yetgan», -deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyatining suv toshqini bo‘lgan hududlariga joylardan insonparvarlik yordamlari kelishi davom etmoqda. Bugunga qadar Sirdaryo viloyatiga 180 tonna un, 48 tonna makaron mahsulotlari, 63 tonna o‘simlik moyi, 47 tonna guruch, 37 tonna go‘sht, 58 tonna shakar, 228 tonna kartoshka, 176 tonna piyoz va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top