00:49 / 05.05.2020
273159
IIV Yulduz Usmonovaning xatti-harakati yuzasidan munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani, shuningdek, ochiqchasiga karantin qoidalarini buzgani aks etgan videolar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham e'tirozlariga sabab bo‘lgan hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, huquq-tartibot organlari manziliga qaratilgan haqorat aks etgan tasvir joriy yilning 4 may kunida Yulduz Usmonovaning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirdan yozib olingan. 

«Videotasvirdagi haqoratomuz fikrlar bevosita ichki ishlar organlariga bildirilganligi uchun, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlarining ma'naviy jihatdan qo‘llab kelayotgan, o‘z ijod namunalari bilan vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, yoshlar ruhiyatida vatanga xizmat qilishdek muqaddas burchni shakllantirayotgan san'atkorlarimizning o‘rni beqiyos», – deya munosabatni boshlagan vazirlik.

IIV «shunday og‘ir vaziyatda taniqli san'atkor Yulduz Usmonova tomonidan huquqni muhofaza qilish organlarining xizmat faoliyatiga barmoq orasidan qarab, ularni noo‘rin tanqid qilishi o‘ta madaniyatsizlik va salbiy holat» deya hisoblagan

«O‘z qilmishi bilan Yu.Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli so‘zlar, obro‘sizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan.

Asli holatga oydinlik kiritadigan bo‘lsak, joriy yilning 2 mayda soat taxminan 21:00larda Mirzo Ulug‘bek tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori leytenant M.Ortiqjonov, shu tumanda yashovchi Yu.Usmonovaning xonadoniga o‘ttiz nafarga yaqin fuqarolar, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida xayriya uchun turli xildagi oziq-ovqat hamda boshqa mol-mulklarni olib kelganliklarini kuzatgan. Ushbu yukni tegishli manzilga yetkazib berishga yordam berish maqsadida, hududga biriktirilgan PPX xodimlari serjant D.Ortiqov va safdor A.Sultonovlar bilan birga yuk mashinalariga ortishga yordamlashib, Toshkent shahar IIBB YHXB xodimi mayor B.Gapparov boshqaruvidagi maxsus transport vositasi kuzatuvida Sirdaryo viloyatiga to‘planib ketadigan yig‘in joyiga, ya'ni «Turkiston» san'at saroyiga kuzatib qo‘ygan», – voqea tafsilotlarini bayon etgan vazirlik.

Ta'kidlanishicha, Yu.Usmonova o‘zining yordamchilari orqali to‘plangan yuklarni darhol, ya'ni 3 may soat 00.10larda YHXB xodimlari kuzatuvi ostida Sirdaryo viloyatiga jo‘natilishini talab qilgan. 

«Shunda xodimlar Yu.Usmonovaga Sirdaryo viloyatiga chiqish belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma asosida, kunduzgi vaqtda hamda uyushgan holda amalga oshirilishini tushuntirishlariga qaramasdan, uning asossiz tanqidiga uchragan», – deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, jamiyatda yurish turish qoidalarini mensimasdan, o‘ta madaniyatsizlik bilan turli haqoratomuz so‘zlarni gapirayotgan ayolga belgilangan tartibni tushuntirishga uringan xodimlar, ziddiyatli vaziyatni keskinlashib ketishini oldini olish maqsadida, ushbu ayol bilan muloqotni to‘xtatib, o‘z xizmat vazifalarini davom ettirgan. 

«Shundan so‘ng, Yu.Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda ichki ishlar organlarini obro‘sizlantiruvchi, asossiz haqoratlar aks ettirilgan videorolikni tarqatgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan madaniyat xodimi nomiga dog‘ tushirgan, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimagan, ichki ishlar organlari xodimlari sha'ni va qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilgan fuqaro Yu.Usmonovaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda», – deya qo‘shimcha qilinadi.

Ichki ishlar vazirligi mazkur ish yakuni bo‘yicha holatga oydinlik kiritilib aybdorlarga qonuniy tartibda chora belgilanishini ma'lum qildi.

Shuningdek, vazirlik vaziyatga xolis munosabat bildirib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlariga adolat nazari bilan qaragan fuqarolar, madaniyat vakillari, jurnalistlar, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilariga minnatdorchilik bildirgan.

Top