13:28 / 05.05.2020
3360
“Milliy tiklanish” partiyasi Sirdaryo va Buxoroga yordam jo‘natdi
Foto: O‘zMTDP

O‘tgan haftada Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlari, Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv ombori atrofidagi hududlarda yuzaga kelgan tabiiy ofatlar natijasida minglab oilalar zarar ko‘rdi, boshpanasiz qoldi, infratuzilma obektlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy zarar yetdi.

Ushbu talafotlardan ziyon ko‘rgan oilalarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan tezda  Ishchi guruhi tuzilib, amaliy ishlarga kirishildi.

Partiya tizimidagi barcha xodimlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolarining1 kunlik ish haqi miqdorida pul mablag‘lari ajratilib, jami 63 362 804 so‘m insonparvarlik yordami Buxoro viloyat hokimligi hisobiga o‘tkazib berilgan bo‘lsa, sardobaliklarga ko‘rsatilgan moliyaviy yordam 70 000 000 so‘mni tashkil qildi.

Partiya Markaziy kengashida markazlashgan holda “Ziyorat karvoni” aksiyasi tashkil qilindi va alohida hisob raqami ochilib, partiya xodimlari, deputatlar va a'zolari tomonidan beg‘araz yordam sifatida kundalik zarur mahsulotlar to‘planmoqda va peshma-pesh Sirdaryo viloyatiga jo‘natilmoqda.

Jumladan, 3 may kuni 50 000 000 so‘mga yaqin oziq-ovqat, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak va uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tashkil topgan insonparvarlik yordami Sirdaryo viloyatiga yuborildi. 4 may kuni esa sardobaliklarga navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natildi.

Xayriya tadbirlarida partiyaning 1250dan ziyod deputatlari faol ishtirok etmoqda. Ayni kunda Sirdaryo viloyatidagi partiya tashkiloti faollari va deputatlari Sardoba tumanidan evakuatsiya qilingan 150 nafarga yaqin oilaga o‘z xonadonlaridan boshpana ajratgan.Shuningdek, partiyaning Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan “Faol yoshlar” guruhi tuzilib, zarar ko‘rgan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Partiyaning telegram tarmog‘idagi "Fikrlar chorlovi" loyihasida Sirdaryodagi jabr ko‘rganlar bilan o‘zaro jonli muloqot amalga oshirildi. Unda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengash deputatlari va xodimlari hamda Respublikadagi taniqli san'atkor va ziyolilar ishtirok etdi.

Muloqotda ishtirok etgan barcha partiya a'zolari “Ziyorat karvoni” aksiyasi orqali Sirdaryodagi jabrlangan aholiga kunlik yordam yuborishga kelishib olishdi. Hozirda partiya markaziy kengashida tuzilgan Ishchi guruh ushbu aksiyasi doirasida kelib tushayotgan xayr-ehsonlarni markazlashgan holda umumlashtirib, navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zMTDP Markaziy kengashi axborot xizmati

Top