18:01 / 05.05.2020
32386
«Odamlar qo‘shni qishloqdagi yaqinlari holidan ham bexabar qolgandi» – Olotdagi bo‘ron va tumandagi hozirgi vaziyat haqida

28 aprelga o‘tar kechasi kuzatilgan bo‘ron ayniqsa Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlariga katta talafot yetkazdi. Kun.uz muxbiri Olotdagi tabiiy ofatga bevosita guvoh bo‘lgan insonlardan biri bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshning aytishicha, Olot tumanining Turkmaniston bilan chegaradosh hududlarida ishlaydigan odamlar ko‘p. Ular, asosan, chegaradagi nasos stansiyalarida va chegara postlarida ishlashadi. Nasos stansiyalari va chegara postlari ishchilari chegarada bo‘ron turishi bilan uydagilarini 5-10 daqiqa oldin ogohlantirishga ulgurgan.

«Lekin agar, masalan, kuchli shamol Turkmanistonda boshlangandan keyin yarim soat oldinroq Buxoro ham ogohlantirilganda, talafot kamroq kuzatilardi. Odamlar mashinalarini chetga olishga, o‘zlari ham xavfsizroq yerga o‘tib olishga ulgurishgan bo‘lardi, nazarimda», – deydi u.

«Bo‘ron favqulodda kuchli edi»

– 27 aprel kuni ko‘tarilgan bo‘ron ancha kuchli edi. Jud ko‘p uylarning tomidagi shiferlar uchib ketdi, daraxtlar, simyog‘ochlar quladi, qishloq xo‘jaligi katta zarar ko‘rdi.

OAVlarda tarqalgan na'munaviy uylarning suratlariga qarab ko‘pchilik faqat ularning tomiga ziyon yetgan, degan fikrga bordi, ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni qurganlar tanqid qilindi. Lekin shamol juda kuchli edi, tumandagi deyarli barcha uylarning tom va boshqa qismlariga ma'lum darajada ziyon etdi. Bundan tashqari, shamol bilan birga kelgan yomg‘ir qum va tuproq bilan qo‘shilib, binolarning fasad qismini ham zararladi.

Bo‘rondan keyingi kun tuman shifoxonasiga borgan bir ayol kuchli shamol uni juda tez itarib ariqqa yiqitib yuborganini aytgan. Oqibatda esa qo‘li shikastlangan.

Qo‘shnimizning hovlisiga esa shamol cho‘ldan yovvoyi quyonni uchirib kelgan, xonadonlarda toshbaqalar ko‘payib qoldi. Ular, ehtimol, cho‘l hududidan kelib qolgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, juda mustahkam daraxtlarning ham qulab tushganini ko‘rgan odam bo‘ron kuchiga baho berishi mumkin.

Axborot olish imkoni yo‘qligi mish-mishlar tarqalishiga zamin yaratdi

– Bo‘ron natijasida elektr uzilishi, mobil aloqa operatorlarining ishlamay qolishi vaziyati yuzaga keldi. Oqibatda esa mish-mish tarqalishi uchun vakuum paydo bo‘ldi. Ya'ni siz qo‘shningiz bergan axborotdan boshqasini bilolmaysiz. Boshqa axborot olish tanlovi bo‘lmagani uchun odamlarda boshqa shaxsdan eshitgan axborotiga ishonish ehtimoli ham oshib ketdi.

«Olot va Qorako‘lni suv bosarmish», deya mish-mish tarqatgan odamlar topilib, OAVlarda e'lon qilindi. Lekin Olotda o‘sha vaziyatda har uch odamdan biri o‘zi bilmagan holda mish-mish tarqatuvchi bo‘lib qolgan edi.

Mish-mishlar keltirib chiqargan zilzila va toshqin vahimalari

– Turli mish-mishlar natijasida bo‘ronning ertasi kuni zilzila xavotiri bilan kun bo‘yi ko‘chada o‘tirgan odamlar ham bor edi. Chunki bo‘ron kuzatilgan kunning ertasiga «Soat 10:00da zilzila bo‘ladi», degan gap tarqaldi. Keyin kech soat bir va besh oralig‘ida, so‘ng soat oltida zilzila bo‘ladi, degan xabarlar tarqaldi.

Olotda Amu-Buxoro kanalining nasos stansiyalari bor. Bu nasoslar Amu-Buxoro kanaliga Turkmanistondan keladigan suvni olib quyish uchun mo‘ljallangan. Bu vazifani bajaradigan katta-katta nasos  stansiyalarida ham simyog‘ochlar qulashi natijasida tok o‘chishi kuzatilgan. Natijada esa, nasos stansiyalari faoliyati to‘xtab qolgan, o‘sha yerda ishlaydigan oddiy ishchilarda esa nasos suvni yo‘naltira olmasligi sababli yaqin atrofni suv bosishi mumkin, degan vahima ham ko‘tarilgan.

Vahima yetib borgan Qorako‘l tumanida ham ayrim odamlar tumandan balandlikda joylashgan katta qirga chiqib olishgan.

Qorako‘l tumanidagi Zamonbobo qiri. 28 aprel, tushdan keyin. Mish-mishlar ortidan mahalliy aholi o‘z avtomobillari, yuk mashinalari va hatto traktor tirkamalarida guruh-guruh bo‘lib qirga chiqqan.
Foto: Daryo

Olot va Qorako‘l Buxoroning quyi qismida joylashgani, boshqa tumanlarga, masalan, Jondorga o‘tish uchun 300 metr tepaga ko‘tarilish kerakligi uchun ayrim odamlar suv vahimasiga ishonishgan.

Lekin nasos stansiyalaridan ishlovchi malakali mutaxassislar o‘z yaqinlariga suv toshmasligini, bu borada hech qanaqa vahima yo‘qligini tushuntirib, tinchlantirishga urindilar. Shuning uchun ko‘pchilik tinchlanib, bu mavzudagi gap-so‘zlarga ishonishmadi.

«Odamlar bir-biridan xabarsiz qolib ketdi»

– Taxminan aytish mumkinki, 27 aprel kuni bo‘ron boshlangandan keyin soat chamasi 19:30lar atrofida elektr toki uzildi, keyinroq mobil kompaniyalar ham ishlamay qoldi (odamlarning aytishiga qaraganda, faqat Uzmobile da aloqa uzilmagan ekan).

Bu holatga tushib ko‘rmagan odam uchun vaziyatni tasavvur qilish ham qiyin: elektr, gaz, aloqa uzildi. Ko‘pchilikning metereologiya borasida ma'lumoti ham yo‘q. Menda ham bo‘ron Toshkentgacha yetib borgan bo‘lsa kerak, degan faraz paydo bo‘lgandi.

Odamlar qo‘shni qishloqda yashaydigan ota-onasining ahvolidan ham bexabar qolishdi. Ular sog‘-omonmikin, deya hamma ertalabdan bir-biridan xabar olishga shoshildi. Menimcha, bularning hammasiga aloqa uzilgani va odamlarning bir-biri bilan bog‘lana olmay qolgani asosiy sabab bo‘ldi.

«Axborotsiz yashashni tasuvvur ham qilib bo‘lmas ekan»

– Bo‘ron kuzatilgan kunning ertasiga davlat rahbari Olotga kelib, tuman faollari bilan soat 18:00lar atrofida uchrashgan bo‘lsa, hatto o‘sha paytda ham ba'zi odamlar suv vahimasidan qo‘rqib, qirga chiqib ketayotgan bo‘lishgan.

Chunki ko‘pchilik vaziyat haqida rasmiy ma'lumot olish imkoniga ega emas edi. Masalan, men ham keyinroq internet orqali prezidentning Olotda faollar bilan uchrashgani va tegishli ko‘rsatmalar berilgani haqida xabardor bo‘ldim. Vaholanki, uchrashuv o‘tkazilgan joy bilan uyimiz orasidagi masofa – bir kilometr.

OAV hayotimizga shu qadar kirib kelganini sezdikki, axborot olmasdan yashashning o‘zini tasavvur ham qilish qiyin ekan hatto.

29 apreldan boshlab aholi orasida ovoz kuchaytirgichlar orqali hammasi joyida ekanini, holatni davlat rahbari nazoratga olganini, yordam berilishini e'lon qilib chiqishdi.

Bo‘rondan keyin

– Bo‘rondan keyingi birinchi ikki kunni gaz, elektr tokisiz holatda o‘tkazdik. Birinchi navbatda odamlar tirik qolishganidan, jarohatlanmaganlaridan xursand edi. Odamlar moddiy zarar ko‘rishgan bo‘lsa-da, hamma sog‘-omon ekanligidan xursand edi.

Masalan, bir fermer tanishim bilan suhbatlashganimda u bo‘ron ko‘tarilganda faqat omon qolsak bo‘ldi, deb o‘ylaganini, keyinroq hammasi o‘tib ketgandan keyin 100 gektarga yaqin yerida o‘sayotgan bug‘doylarini borib ko‘rganini aytib berdi. Ya'ni odamlar bo‘ronning oqibatlarini o‘ylab ko‘rib, bundan keyingi rejalari qanaqa bo‘lishi haqida ham jiddiy o‘ylay boshlashdi.

«Odamlarning hamjihatligi yaqqol ko‘zga tashlanyapti»

– Ayni paytda Olotda uylar ta'miri uchun shiferlar tarqatilyapti, harbiylar xalqqa yordam beryapti. Eng ko‘zga tashlanayotgan jihat – odamlarning hamjihatlik bilan harakatlanayotgani bo‘lmoqda.

Masalan, maktab yoki shifoxonalar ta'miriga jalb qilingan harbiylarning ovqatlanish sharoitlari davlat tomonidan yaratilgan bo‘lsa-da, odamlar chetdan kelgan harbiylarni mehmon sifatida qabul qilib, tomida shifer bo‘lmasa ham, taom pishirib, ularga ilinib turishdi.

Bo‘ronning ikkinchi yoki uchinchi kunidan boshlab, hokimiyat binosiga, shifoxonalarning reanimatsiya bo‘limlariga elektr chirog‘i kelgan. Hozir esa mahallalarda ham elektr tokini tiklash ishlari olib borilyapti, tumanning ma'lum foizida esa elektr toki bor (suhbat 5 may kuni yozib olingan – tahr.).

Gaz ta'minoti esa bo‘rondan keyin 2 kun o‘tishi bilan tiklandi. Odamlar turmush tarzi o‘ta og‘irlashib qolgani yo‘q. Chunki qishloq xalqi gaz-elektrda kuzatilishi mumkin bo‘lgan uzilishlar vaziyatiga moslashgan bo‘ladi. Tabiiy ofatning karantin paytida kuzatilgani ham bir tomondan foyda bo‘ldi. Chunki ko‘pchilik uyda, oilasi bag‘rida edi.

Olotliklar ekinlarga yetgan zarardan tashvishda

– Ayni paytda aholini o‘ylantirayotgan eng asosiy masala – qishloq xo‘jaligi ko‘rgan zarar bo‘lmoqda.

Fermerlarga bug‘doy bo‘ron natijasida nobud bo‘lgan yoki egilib qolgan bo‘lsa, hech ikkilanmasdan ekin maydonini buzib tashlab, o‘rniga paxta ekish maslahat berilgan.

Shunday bo‘lsa-da, ayrim fermer tanishlarim 1 gektar yerga ham urug‘, texnika, turli dori vositalari kabilar uchun ancha xarajat ishlatilganini o‘ylab, havo isishi bilan bir necha kun ichida bug‘doy poyalari «o‘rnidan turishi»ga umid qilishyapti. Agar shunday bo‘lsa, hosilning ma'lum qismini saqlab qolish imkoni bor, deyishmoqda.

Biroq kecha ham (4 may) Olotda kuchli yomg‘ir yog‘di. Qanday qaror qabul qilishni sharoit va ob-havoga qarab dehqonlarning o‘zlari hal qilishadi, menimcha.

«Odamlar uylarining tomi yopib berilishini kutishmagan edi»


Foto: Telegram / @davletovuz

– Karantin bo‘lishiga qaramasdan, davlat rahbari tumandagi vaziyatga e'tibor qaratgani, boshqa viloyatlardan yordam kuchlari yetib kelayotgani odamlarga umid berdi.

Bo‘ronda tomi ochilib qolgan uylariga shifer tarqatilishi, ularni qoqishga yordam berilishini ko‘pchilik tasavvur ham qilmagandi. Lekin tumanda tashkil qilingan shtab tezkorlik bilan bo‘ronning ertasigayoq aholiga tomlarini yopishda yordam ko‘rsatishni boshladi, ustalar ishga tushib ketishdi.

Turli viloyatlardan kelgan elektr montajchilari, ustalar va boshqa kerakli soha mutaxassislari hozir tumanda aholiga yordam ko‘rsatishyapti.

Tomi bo‘ronga bardosh bergan uylar ham baribir ziyon ko‘rdi

– Bo‘ron o‘sha kuni ancha kuchli bo‘lgan. Shamol ayrim holatlarda yog‘ochga mustahkamlangan shiferlarni yog‘och bilan birga yulib olgan. Asosan, yengilroq metall shiferlar bilan yopilgan uylarning tomi ko‘proq zararlandi.

Lekin bir qo‘shnimiz tomini sifatli qilib yopgani uchun uyiga deyarli zarar yetmadi. Biroq ayrim zararlanmagan uylarning tomiga boshqa uy shiferlari shamol natijasida uchib kelib ziyon yetkazgan. Shuning uchun deyarli hamma zarar ko‘rdi, deyish mumkin.

Balki aholini bu kabi bo‘ronlarga va kuchli shamollarga dosh bera oladigan tarzda uy qurishga, tomini yopishga o‘rgatish kerakdir.

Masalan, tomga qoqiladigan shiferning qalinligi, unga ishlatiladigan yog‘ochga talablar aniq ishlab chiqilsa, ehtimoliy sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlardan ko‘riladigan zarar ham kamroq bo‘lardi.

«Aholi bir-birini moddiy qiyinchilikda tashlab qo‘ymasa kerak»

– Aholining moddiy ahvoliga kelsak, menimcha, qishloq hududlarda odamlar bir-birini qo‘llashiga ishonish mumkin. Lekin ko‘pchilik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi oshib ketishidan xavotirda.

Aholi o‘zining qizil yugurib qolgan gisollari, g‘o‘ra bo‘lgan boshqa mevalaridan ham shamol to‘kib yuborgani tufayli ayrilgan.

Lekin ayrim faktorlar sababdir, ba'zi yerlarda ekinlar kamroq zarar ko‘rgan yoki qisman zararlangan.

Umumiy olganda, fikrimcha, olotliklar ularga nisbatan davlat va xalqning g‘amxo‘rlik bilan qarayotgani tufayli ishonchi ortib, tomorqa va ekindan daromadi kam bo‘lsa-da, och qolmasliklariga ishonishmoqda.

«Aholini iloji boricha ertaroq ogohlantirish kerak»

– Qo‘shni respublikalar hududlaridan kirib keladigan bo‘ron yoki kuchli shamol kabilardan aholini imkon qadar ertaroq ogohlantirish talafot kam bo‘lishiga va aholining sarosimaga tushmasligiga yordam beradi.

Agar ovoz kuchaytirgich qurilmalari doimiy ravishda tuman markazlariga o‘rnatilsa va ulardan favqulodda vaziyatlarda aholini ogohlantirish maqsadida foydalanilsa, odamlarning oldindan ma'lumotga ega bo‘lishiga erishish mumkin. Tuman markazidagilar esa o‘z-o‘zidan imkon qadar tumanning boshqa hududlarida yashaydigan qarindoshlari, tanishlarini ogohlantirishardi.

Agar vaziyat haqida tushuncha bo‘lsa, odamlar vaziyatni to‘g‘ri baholash imkoniga ega bo‘lishardi, odamlar zilzila va suv toshqini bo‘ladi, degan vahimada qirda va ko‘chada o‘zlarini xatarga qo‘yib vaqt o‘tkazishmagan bo‘lardi.

Bundan tashqari, tabiiy ofat bo‘lish xavfi yuqori hududlar: Chimyon va Qamchiq dovonida kuzatilishi mumkin bo‘lgan turli tabiiy ofatlardan tashqari respublikaning boshqa hududlarini ham e'tibordan chetda qoldirishmasa, foydali bo‘lardi.

Bu kabi bo‘ronlar bo‘lishi haqida ehtimoliy taxminlarni o‘rganib, mahalliy aholi oldindan ogohlantirilsa, vaziyat ancha yaxshiroq bo‘lishi mumkin.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top