18:43 / 05.05.2020
18296
O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 1500dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farg‘onada yana 47 bemor sog‘aygani va respublikada shu vaqtgacha tuzalganlarning jami soni 1501 nafarga yetgani haqida xabar berdi.

«Farg‘ona viloyatda bir yo‘la 47 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning 11 nafari Rossiyada bo‘lib qaytgan, yana 11 nafari esa Turkiyadan charter reysida Farg‘onaga olib kelingan va karantinga olingan. Yana 1 nafar fuqaro Qirg‘iziston Respublikasidan kirib kelgan. Ularda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Qolgan 24 nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Tuzalganlarning 31 nafari erkak, 16 nafari ayollar bo‘lib, eng yoshi kattasi 86 yoshli otaxon bo‘lsa, eng yoshi kichigi 3 yoshli bola.

Viloyatda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 131 nafarga yetdi. 

Bugun ayni paytga qadar 96 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar soni 1501 nafarni tashkil etmoqda.

5 may soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2204taga yetgan, shu vaqtgacha sog‘ayganlar va vafot etganlardan tashqari 693 bemor shifoxonalarda qolmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top