21:07 / 05.05.2020
6165
O‘zbekistonda yil boshidan beri soliq tushumlari prognozi ortig‘i bilan bajarilayotgani ma'lum bo‘ldi

5 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda bir qator masalalar sirasida soliq tushumlarini ta'minlashga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon budjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1 iyunga qadar korxonalarga ko‘rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo‘yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha kreditlar berish, eksport majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Top