12:50 / 05.05.2020
20889
Samarqandda bir haydovchining qoida buzishi kasriga boshqa haydovchi oila a'zolaridan ayrildi

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Joriy yilning 4 may kuni soat 19:30da Urgut tumani “Tinchlik” mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Haydovchi, 27 yoshli F.R. boshqaruvida bo‘lgan “VAZ-2106” rusumli transport vositasini mast holatda Samarqand yo‘nalishi tomonidan Tojikiston Respublikasi yo‘nalishi tomonga qarab boshqarib kelayotgan vaqtida, o‘ziga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan haydovchi, 29 yoshli Z.A.ning boshqaruvidagi “Gaz-5327” rusumli yuk transport vositasining o‘ng yon tomoniga urilib, YTH sodir qilgan.

To‘qnashuv natijasida, “Gaz-5327” rusumli yuk transport vositasi yo‘lovchilari (haydovchining turmush o‘rtog‘i va farzandi) 22 yoshli D.S. va voyaga yetmagan 2 yoshli A.N. og‘ir tan jarohati olib hodisa joyida vafot etganlar.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Hurmatli haydovchilar, transport vositasini mastlik holatida boshqarmasligingizni, o‘zingiz va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasligingizni so‘rab qolamiz”, - deyiladi IIV YHXBB axborot xizmati xabarida.

Top