18:21 / 05.05.2020
13492

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Pandemiyaning avvalo O‘zbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oldindan chora ko‘rish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi.

O‘zaro savdoda yuqori o‘sish sur'atlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini ta'minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida muntazam videoanjumanlar o‘tkazib turish muhim ekani ta'kidlandi.

Shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, deyiladi ma'lumotda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top