13:25 / 05.05.2020
26299
Sirdaryoda ikki nafar fuqaro vertolyot yordamida qutqarildi

Sirdaryoda favqulodda vaziyat hududida qolib ketgan ikki nafar fuqaro vertolyot yordamida qutqarildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv ombori dambasi o‘pirilishi oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli vertolyot aviatsiyasi navbatdagi parvozni amalga oshirdi.

Vazirlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, podpolkovnik Rahimjon Ergashev, kapitan Farhod Sharipov, kapitan Muzaffar Mamatovdan iborat ekipajning maqsadi belgilangan reja asosida favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan hududlarning borish qiyin joylarida razvedka-qidiruv ishlarini amalga oshirish hamda evakuatsiya tadbirlari bo‘ldi. 

Bildirilishicha, qidiruv davomida ikki kishi topilgan. Vertolyotga olingan bu ikki fuqaro zudlik bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Mudofaa vazirligining harbiy mobil tibbiy markaziga olib kelindi. Ularning biri 1985 yilda tug‘ilgan Erkin Omonov bo‘lib, bir oyog‘i jarohatlangan. Ikkinchisi 1996 yilda tug‘ilgan Fayzullo Qodirovning tana harorati ko‘tarilgan. 

Oqoltin tumanidan vertolyot aviatsiyasi yordamida evakuatsiya qilingan ushbu bemorlarga Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali terapevti, tibbiy xizmat podpolkovnigi Shuhrat Karimov, feldsher Shuhrat Ahmedov zarur tez tibbiy yordam muolajalarini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda. 

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top