13:59 / 05.05.2020
40391

Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilinadi.

«Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarori e'lon qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilinadi.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

transport sohasining ehtiyojlaridan kelib chiqib, xalqaro standartlar va ilg‘or ta'lim texnologiyalarini qo‘llash asosida oliy ma'lumotli raqobatbardosh mutaxassislar va ilmiy – pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

transport sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, sohaning ilmiy muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanishlar olib borish va natijalarini amaliyotga joriy etish;

o‘quv rejasi va fan dasturlarida sohaning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish, ta'lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta'minlash orqali universitet bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;

fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash;

qo‘shma ta'lim dasturlari, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy ta'lim dasturlarini tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish hamda bitiruvchilarning magistratura, aspirantura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini ta'minlash maqsadida xorijiy yetakchi oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, transport sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, tasarrufidagi akademik litsey hamda professional ta'lim muassasalari ta'lim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini ta'minlash;

transport sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda bakalavriat va magistratura talabalarining malakaviy va ishlab chiqarish amaliyotlarini tegishli soha korxonalarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

Universitet bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish, ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish.

Top