08:51 / 05.05.2020
15455

Umumiy internet muammosi: pandemiya dunyoda raqamli tengsizlikni kuchaytirdi

Dunyoda pandemiya tufayli bir vaqtning o‘zida onlayn o‘tirgan odamlar soni sezilarli oshib ketdi. Biroq dunyo aholisining qariyb yarmida hamon internetga ulanish imkoni yo‘q. Kam taraqqiy etgan davlatlarda hatto har besh odamdan birining ham internetdan foydalanish imkoni kamroq. Raqamli bo‘linish erkaklardan ko‘ra ayollarga ko‘proq ta'sir etmoqda.

Foto: REUTERS/Amanda Perobelli

Jahon iqtisodiy forumi saytidagi maqolada dunyoda kuzatilayotgan internet bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘z boradi.

Maktab o‘quvchilaridan tortib ofis xodimlarigacha o‘z faoliyatini uyda davom ettirishga majbur bo‘lishi natijasida internet hammaning najotkoriga aylandi. Biroq bir vaqtning o‘zida dunyoda internetga ulanish imkoni yo‘q milliardlab odamlar ham bor.

Raqamli bo‘linish pandemiya paytida yuzaga chiqayotgan tengsizliklarning shunchaki bittasi xolos. Biroq eng ajablanarlisi shundaki, hatto rivojlangan davlatlarda ham internet tezligi biz o‘ylagandan ko‘ra pastroq.

Hozir AQSh aholisining 6 foizida (21 mln kishi) yuqori tezlikdagi internet aloqasi yo‘q. Avtraliyada esa bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil qiladi. Hattoki dunyoning eng boy davlatlarida ham hammani internet bilan ta'minlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida oilalarning yarmidan ko‘prog‘i – 55 foizi internet aloqasi bilan ta'minlangan.

Rivojlangan davlatlarda oilalarning 87 foizi, rivojlanayotgan davlatlarda 47 foizi internetga ulana olsa, kam taraqqiy etgan davlatlarda esa 19 foiz oilada bunday imkon bor.

Oflayn dunyo

Umumiy hisobda 3,7 milliard odamning internetga ulanishi imkonsiz. Ularning aksari – kambag‘al davlatlar fuqarolari va COVID-19 bilan qanday kurashish kerakligi bo‘yicha ma'lumotga eng muhtoj qatlam vakillari.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra ham, kambag‘allar va migrantlar virus yuqtirib olish xavfi eng yuqori guruhlarni tashkil qiladi.

Xalqaro hisobda 1 milliarddan ortiq o‘quvchi karantin tufayli maktabga borish imkonidan mahrum bo‘lgan. O‘qituvchilar onlayn dars tashkillashtiryaptimi yoki yo‘q, bu ahamiyatsiz – ularning ko‘pchiligi onlayn darslarda qatnasha olmaydi.

Uyda – masofadan turib ishlash xizmat ko‘rsatish sektori xodimlari va administratorlar uchun yagona tanlov bo‘lib turgan bir paytda, raqamlar ularning hammasida ham onlayn bo‘lib turish imkoni yo‘qligini ko‘rsatmoqda. O‘z internet aloqasi sifatiga juda ko‘p odamning onlayn bo‘lib turishi salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini aytayotganlar ham bor.

Amerikadagi internetsiz millionlar

AQSh Kommunikatsiyalar federal komissiyasi internetga ulanish imkoni yo‘q amerikaliklar holatiga yetarlicha baho berilmayapti, degan fikrda. Shunga aloqador mavzuda 2017 yilda  AQShdagi 12 million bolaning internetga ulanmasdan katta bo‘layotgani haqida Kongress ma'lumot bergan edi.

Microsoft  prezidenti Bred Smit Amerikaning qishloq hududlarida 19 millionta internetga ulanmagan oila borligini ma'lum qilgan.

«Yuqori tezlikdagi internet aloqasidan foydalanmasdan turib, bu jamiyatdagilar o‘zlarining zamonaviy bizneslarini yutira olmaydilar, onlayn darslarda qatnashish, o‘z firmalarini raqamli tarzda rivojlantirish yoki onlayn maktab loyihalarida qatnashish imkonidan mahrum bo‘ladilar», – deydi Smit.

YuNeSKO va Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi kabelli yoki simsiz tarzda 2025 yilgacha dunyoning 75 foiz aholisini yuqori sifatli internet bilan ta'minlashni maqsad qilib qo‘ygan.

Afrikadagi qimmatchilik

Bir gigabayt – bitta standart filmni bir soat ko‘rish uchun yetarli. Afrikada buning narxi o‘rtacha oylik ish haqining 40 foizini tashkil qiladi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 85 foiz afrikaliklar kuniga 5,50 dollar atrofida daromad topadi. Ularning ko‘pchiligi raqamli uzilishni tanlashidan esa ajablanmasa ham bo‘ladi. Bu muammo rivojlanayotgan davlatlarda ham yo‘q emas. Masalan, Avstraliyadagi kam ta'minlangan oilalarning qariyb har uchinchisining internetga ulanish imkoni yo‘q.

Janubiy Afrika COVID-19 haqida ma'lumot uzatadigan saytini aholiga hech qanaqa ma'lumot va mablag‘ talab qilmaydigan tarzda foydalanish imkonini berdi. Boshqa bir qancha telekommunikatsiya tashkilotlari, provayderlari ham koronavirus haqida ma'lumot uzatadigan saytlarni bepul qilib qo‘ydi.

YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikaning 10ta davlatida ayollar erkaklarga qaraganda 30-50 foiz kam internetdan foydalanishadi. Dunyo miqyosida esa ayollarning internetdan foydalanish ko‘rsatkichi erkaklarnikiga qaraganda 23 foiz kam.

Top