21:04 / 05.05.2020
6139

Xitoy bortida yangi avloddagi fazoviy kema bo‘lgan raketani uchirdi

Xitoyning Xaynan orolidagi Venchan kosmodromidan eng yangi “Chanchjen-5 B” (CZ-5B) raketasi fazoga uchirildi. Ma'lum qilinishicha, parvoz muvaffaqiyatli kechgan.

Foto: CCTV

Bu haqda CGTN telekanali xabar berdi. Bu parvoz CZ-5 raketasining past orbitaga foydali yukni chiqarish uchun mo‘ljallangan modifikatsiyasining ilk parvozi hisoblanadi.

Bu turdagi raketa birinchi marta 2016 yil noyabrda uchirilgan. Hammasi bo‘lib CZ-5 raketasi uch marta fazoga uchirilgan, ulardan ikkitasi muvaffaqiyatli o‘tgan. Raketa oxirgi marta 2019 yil dekabrda uchirilgan. 

Hozir raketaga yangi avloddagi fazoviy kemaning tajribaviy nusxasi o‘rnatilgan. U fazogirlar yashaydigan kapsula va xizmat modulidan iborat.

Joriy parvozning 488-soniyasida ekipajsiz bo‘lgan fazoviy kema raketadan ajralib, belgilangan orbitaga chiqqan.

Kema fazogirlarni orbital stansiyaga yetkazishga mo‘ljallangan. U 6 nafargacha fazogirni tashiy oladi. Loyihaga ko‘ra, kema og‘irligi versiyasiga bog‘liq holda 14 tonnadan 20 tonnagacha keladi.

Ushbu missiya shunisi bilan e'tiborliki, bu nafaqat eng yangi "Chanchjen-5B" raketasining ilk parvozi, balki yangi boshqariluvchi kema prototipining ilk sinov parvozi hamdir. 

“Chanchjen-5B” Xitoyning Oy atrofida parvoz qiluvchi koinot stansiyasiga modullarni yetkazish uchun qo‘llanishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Xitoy 2003 yildan beri fazoga 6 ta “Shenchjou” kemasi va ikkita “Tyangun” orbital stansiyasini uchirgan. Orbitada Xitoyning 11 nafar taykunavti bo‘lib qaytgan.

CZ-5 og‘ir raketasini Xitoyning bo‘lg‘usi orbital stansiyasi komponentlarini orbitaga yetkazish va avtomatik stansiyalarning Oy va Marsga parvozlari uchun qo‘llash rejalashtirilgan.

Raketaning CZ-5B versiyasi past orbitaga 25 tonnagacha foydali yukni olib chiqishga mo‘ljallangan. Uning parvoz massasi 837 tonnani, uzunligi 53,7 metrni va diametri 3,35 metrni tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top