13:01 / 06.05.2020
12048
AQSh Oyda resurslar qazib olish bo‘yicha xalqaro bitimni tayyorlamoqda - OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Oyda resurslar qazib olish bo‘yicha xalqaro shartnoma loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Reuters manbalari xabar berdi.

Foto: James Crombie/INPHO/REX/Shutterstock

Hujjat «Artemida kelishuvi» deb nomlandi. U boshqa mamlakatlar va kompaniyalarning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun Oydagi foydali qazilmalarni qazib olish bazalari atrofida «xavfsizlik zonalari» yaratishni o‘z ichiga oladi.

«Bu qandaydir hududiy da'vo emas», - deya aniqlik kiritdi Reuters manbalaridan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, «xavfsizlik zonalari» muayyan hududlarni suveren deb e'lon qilmasdan, fazoni o‘rganayotgan mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Shartnoma, shuningdek, kompaniyalarga Oyda qazib olinadigan resurslarga egalik qilish huquqini beruvchi me'yoriy bazani ishlab chiqishga qaratilgan, deb yozadi Reuters.

AQSh yaqin haftalarda sherik davlatlarga shartnoma taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ular orasida Kanada, Yaponiya, BAA va Yevropa mamlakatlari bor. Xalqaro kosmik stansiyada NASA’ning asosiy hamkori bo‘lgan Rossiya dastlabki bosqichda sheriklar safiga qo‘shilishi rejalashtirilmagan. Bu, xususan, Rossiya sun'iy yo‘ldoshlarining AQShning Yer orbitasidagi sun'iy yo‘ldoshlariga nisbatan «xavfli» manyovrlari bilan bog‘liq.

Oyning huquqiy maqomi va uning manbalaridan xalqaro miqyosda foydalanish imkoniyati to‘liq aniqlashtirilmagan. 1967 yildagi fazoviy shartnoma xalqaro kosmik huquqning asosi bo‘lib, Oyga qurol joylashtirish va uning biron bir qismi ustidan suverenitet e'lon qilishni taqiqlaydi, ammo Yerning tabiiy yo‘ldoshi resurslaridan tijorat maqsadlarida foydalanishni tartibga solmaydi.

Donald Tramp bir necha bor Oyni tadqiq qilishni AQShning kosmik siyosatdagi ustuvor yo‘nalishi deb atagan. 2019 yil mart oyida u har qanday holatda ham amerikaliklarni keyingi besh yil ichida Oyga yuborish haqida talab qo‘ydi. Tez orada NASA 2024 yilda astronavtlarning Oyga qo‘nishini ta'minlaydigan «Artemida» dasturi to‘g‘risida e'lon qildi.

2020 yil aprel oyining boshida Tramp amerikaliklar kosmosni tijoriy tadqiq qilish, shuningdek, u yerda resurslarni qazib olish huquqiga ega bo‘lishi kerakligini belgilovchi farmon imzoladi. Rossiyada bu «boshqa sayyoralar hududini egallab olishga qaratilgan tajovuzkor reja» sifatida qabul qilindi.

Top